1

Burhoniddin Marg`inoniyning haqiqiy qabri qaerda?

Moziydan sado 10.05.2018, 12:28
Burhoniddin Marg`inoniyning haqiqiy qabri qaerda?

Islom dini peshvosi va fiqhshunosi Marg`inoniy hazratlarining qabri qarovsiz va obodonlashtirilishga muhtojligini aqlga sig`dirish qiyin. Ustiga ustak, butun dunyo musulmonlari tan olgan yirik ma`rifatparvar Burhoniddin Marg`inoniy asl qabri qaerda joylashgan ekanini zamindosh bo`la turib bilmasligimiz ham uyat aslida.

Oltinsoy bag`ridagi qimirlab turadigan Sangijumon toshlari, Uchqora yodgorliklari, Oqmasjid va Shayx Gadoy Selkin manzilgohlari shular jumlasidan.

Shuningdek, tuman hududida bir-biridan ilmli va ma`rifatparvar kishilar ko`p o`tgan. Bular orasida Ataulloxo`ja ibn Abdulmo`min Marg`inoniy nomi alohida e`tiborga loyiqdir. U kishi 1898 yil Marg`ilonda tavallud topgan. Hayot tashvishlari va qiyinchiliklari tufayli Xatirchi tumanidagi Xo`jaqulobod qishlog`i yaqinidagi Toshquloq mahallasiga kelib yashagan. Islomda mukammal ilm sohibi bo`lgan. Atrofdagilarni ham saodatga chaqirgan. Qishloq ahlining diniy savodxonligini oshirish uchun ko`p zahmat chekkan. Shuning uchun Xo`jaqul eshon qishlog`i ahli uni Mulla Mo`min deb atagan. O`ziga buyuk alloma Burhoniddin Marg`inoniyni Uvays ustoz deb bilib, umri davomida allomaning kitob va risolalarini yod olib yurgan. Hozir ham xatirchilik keksa yoshli kishilar Mulla Mo`minni ko`p eslashib, hayotini Burhoniddin Marg`inoniy nomlari bilan bog`lashadi.

– O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi Rahim Qodirov bilan Mulla Mo`min hayoti va Burhoniddin Marg`inoniy qabri haqida ko`plab ilmiy izlanishlar olib bordik, – deydi nafaqadagi pedagog, shoir Toshpo`lat Xo`jamov. – Aniq ma`lumotlarni yig`dik. 2000 yil alloma tavalludining 910 yilligi munosabati bilan matbuotda chiqishlar ham qildik. Ammo mavzu shu holicha qolib ketdi. Afsuski, qabr mukammal o`rganilib, haqiqat yuzaga chiqmadi. Aslida, ushbu manzilgoh obod qilinib, tarixiy qadamjo sifatida qaralmog`i zarur.

Burhoniddin Marg`inoniy qabrini ziyorat qilishga butun islom olami mushtoq, ammo biz bunga tayyormizmi?

Buyuk alloma Burhoniddin Marg`inoniy 1123 yil Marg`ilonda tug`ilgan. Umri davomida Qur`on, hadis ilmlarini mukammal egallagan. Islom huquqshunosligini puxta o`rganganligi va bu borada beqiyos ishlar qilganligi bois “Burhon ud-din” (islom dinining dalili) nomi bilan mashhurdir. Dastlab ta`limni o`zi tavallud topgan qishloqda oladi. So`ng o`sha davrda Movarounnahrning diniy va ma`rifiy markazi bo`lmish Samarqandda faoliyatini davom ettiradi. Marg`inoniy hazratlari fiqhshunos bo`libgina qolmasdan islom dini mohiyatini chuqur asoslab beruvchi mukammal asarlar muallifi hamdir. Ul zotning “Kitob ul-mazid”, “Munosib ul-haj”, “Majmu al-navozil”, “Kitob ul-faroiz” va “Bidoyat ul-mubtayn” kabi mashhur asarlari bor. Xanafiya mazhabining asosiy qo`llanmasiga aylangan “Hidoya” asari 1178 yil Samarqandda yoziladi. Tez orada bu asar mukammal, aniq va izchilligi bilan islom olamida tanildi. Bugungi kunda ham kitob ko`plab diniy maskanlar, jumladan, Qohiradagi “Al-azhar” dorulfununida asosiy darsliklar qatorida o`rganilib kelinmoqda. Ushbu asar bir necha asrlar davomida deyarli barcha musulmon davlatlarida huquqshunoslik bo`yicha eng asosiy qo`llanma hisoblanib, islom shariati yuzasidan ish yuritayotgan mamlakatlar ushbu qo`llanmadan keng foydalanadilar.

Ayni damda esa islom fiqhshunosligida yagona va mukammal qo`llanma hisoblangan “Hidoya” asarining muallifi Burhoniddin Marg`inoniy qabri borasidagi bu kabi ikkilanishlarga chek qo`yish vaqti keldi.

Hazrat Alisher Navoiy Samarqandda surgun vaqtida Chokardiza qabristonini ziyorat qilgan. Zahiriddin Muhammad Bobur ham memuar asari bo`lmish “Boburnoma”da Burhoniddin Marg`inoniy qabri haqida qisqacha to`xtalib o`tgan. Mulla Mo`min esa aynan ana shu qabrni o`zi yashayotgan qishloq yaqinidagi qabristonga ko`chirtirib kelgani haqida maqolalarda qayd etilgan.

Ma`lumki, Burhoniddin Marg`inoniy 1197 yilda Samarqandda vafot etadi. Odatiy an`anaga ko`ra ma`rifiy ishlar rivoji va islom dini kengayishida o`z hissasini qo`shgan kishilar hududdagi Chokardiza qabristonida dafn etilgan. Alloma ham dastlab ana shu maskanda qo`nim topgan edi. Mulla Mo`min qabrni bir necha bor ziyorat qilgani boradi. Manzilgoh haroba holatida ekani va yaqinda tugatilayotgani haqidagi xabarni eshitib xunob bo`ladi. 1966 yil ko`plab qiyinchiliklarga uchrasa ham alloma qabrini o`zi yashayotgan qishloq yaqinidagi Xo`jaqul eshon qabristoniga olib keladi. Burhoniddin Marg`inoniyning muborak hoklari tuman hududiga olib kelingach, Xo`jaqul eshon qabristonining hali odam qo`yilmagan bo`sh eriga qabr kovlanib, lahatga qo`yilgani haqida mehnat fahriysi Normamat Turniyozov ma`lumot beradi (“O`zbekiston ovozi” gazetasining 2000 yil 14 mart sonida). Islom shariati yuzasidan barcha amallar bajo keltirilib, alloma ikkinchi qabrga qo`yiladi. Shoir Toshpo`lat Xo`jamov hali yosh bo`lsa-da bu voqealarni yaxshi eslaydi. Istiqlol yillarida esa tuman gazetalarida shu mavzuni yoritib qator maqolalar yozgan. Mulla Mo`min o`z vasiyatiga ko`ra allomaning oyoq tomonida dafn etiladi. Bugun qishloqning keksa yoshli kishilari ushbu qabristonni ziyorat qilganlarida Burhoniddin Marg`inoniy haqqiga ham duo qiladilar. Bu bejizga emas, albatta.

O`tgan asrning 50-60 yillarida Samarqandning shimoliy qismlari, shu jumladan, Chokardiza qabristoni ham yahudiylarga yashash uchun ajratiladi. Natijada, qabriston hududi batamom buzib tashlanayotgan bir davrda Mulla Mo`minning savobli ish qilgani va buning Xatirchi tumani bilan bog`liq ekani asosli, albatta. Tarixdan ma`lumki, qabrlari bir joydan ikkinchi joyga ko`chirilgan bo`lsa ham marhumning xok-suyaklari qaerga keltirib qo`yilsa, o`sha er ko`chirish vaqti va sabablaridan qat`iy nazar haqiqiy qabr hisoblanadi. Bunga Zahiriddin Muhammad Bobur qabri ham yaqqol misol bo`la oladi.

2000 yilda Burhoniddin Marg`inoniy tavalludining 910 yilligi munosabati bilan Marg`ilon shahrida go`zal yodgorlik majmuasi bunyod etilgan. Alloma tug`ilgan maskandagi ramziy qabr obod qilinganligi yaxshi. Biroq islom dini peshvosi va fiqhshunosi Marg`inoniy hazratlarining asl qabrlari qarovsiz va obodonlashtirilishga muhtojligini aqlga sig`dirish qiyin. Shu bilan birgalikda butun musulmon davlatlari tan olgan yirik ma`rifatparvar Burhoniddin Marg`inoniy qabrini qaerda joylashgan ekanini zamindosh bo`la turib bilmasligimiz ham achinarli. Bilib turib, indamaslikning bugun aslo iloji yo`q. Bu esa bobomiz oldidagi bizning ado etib bo`lmaydigan qarzimiz, bajarishimiz lozim bo`lgan farzimizdir.

Shunday ekan, Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi Xo`jaqul eshon qabristonidagi allomaning haqiqiy qabri obod qilinsa, tumandagi ziyoratgohlar soni yana bittaga ko`payar va islom tarixi yo`lida navbatdagi savobli ish amalga oshirilgan bo`lardi.

Dilobar Asliddin qizi, O`zA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1