Poytaxtimizdagi «O`zbekiston» sport majmuasida sport kurashlari bo`yicha o`smirlar o`rtasida Osiyo chempionati start oldi.
Mazkur musobaqa qit`a chempioni va sovrindorlarini aniqlash bilan bir vaqtning o`zida shu yilning oktyabr oyida Buenos-Ayres shahrida o`tkaziladigan III yozgi o`smirlar Olimpiya o`yinlariga ham yo`llanmalar taqdim etadi.
Musobaqada Osiyoning Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston, Eron, Iroq, Iordaniya, Qozog`iston, Qirg`iziston, Saudiya Arabistoni, Mo`g`uliston, Pokiston, Singapur, Suriya, Tailand, Tojikiston, Turkmaniston, Tayvan, Yaman hamda O`zbekiston kabi 21 ta davlatdan 400 nafarga yaqin sportchi va murabbiylar ishtirok etmoqdalar.
Sport kurashlari - erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo`yicha o`smirlar Olimpiya o`yinlari dasturiga kiritilgan beshta vazn toifasida bosh sovrinni qo`lga kiritgan sportchilar lisenziya sohibiga aylanadilar. Shu tariqa qit`a chempionatida o`smirlar Olimpiya o`yinlariga jami 15 ta lisenziya o`z egalariga topshiriladi.
Mazkur musobaqa yana shunisi bilan avvalgilardan farq qiladiki, g`oliblikni qo`lga kiritgan sportchilar oltin medallardan tashqari, Osiyo chempionatlari tarixida ilk marotaba tashkilotchilar tomonidan tayyorlangan maxsus chempionlik kamariga ham ega bo`ladilar.
Ayni paytga qadar hamyurtlarimizdan L.O`zbekov (-51kg) qozog`istonlik raqibini mag`lubiyatga uchratib, keyingi davraga yo`l oldi. K.Yunusxonov (-45kg) va Muhammadali Saydullaev -(110kg)lar esa afsuski ilk bosqichdayoq imkoniyatni boy berib qo`yishdi.






