Shu yilning 11-12 may kunlari Orol dengiziga mediatur tashkil etiladi, deb xabar bermoqda O`zA.
Shu maqsadda bir guruh o`zbekistonlik ommaviy axborot vositalari vakillari Qoraqalpog`iston Respublikasiga etib keldi.
Mazkur mediatur “UzWaterAware” loyihasi doirasida O`zbekiston Respublikasi Suv xo`jaligi vazirligi va Evropa Ittifoqining markaziy Osiyodagi ekologik markazi tomonidan tashkil qilinmoqda.
Mediaturdan ko`zlangan maqsad Qo`ng`irot va Mo`ynoq tumanlari hududidagi Sudoche ko`li, Ustyurt platosi, Urga qishlog`i, Ustyurt chinklari, Orolning qurigan tagidagi paydo bo`lgan to`qayzorliklar, Uchsoy baliqchilar qishlog`i, Kemalar muzeyi, Amudaryo sohillari, shuningdek, Shege ko`li kabi qator joylarga sayohat etishdan iborat.
Orol dengiziga sayohatda O`zbekiston Milliy axborot agentligi (O`zA), «Jahon» axborot agentligi, bir nechta internet-nashrlari hamda ekologiya sohasiga ixtisoslashgan gazeta-jurnallar jurnalistlari, shuningdek, «Dunyo bo`ylab» telekanali ijodkorlari, blogerlar va fotograflar ishtirok etmoqda.






