Qishloq xo`jaligi texnikasini etkazib berish uchun buyurtmalar portfelini shakllantirish ustuvor ravishda bir yilda ikki marta amalga oshiriladi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Bu tartib O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 10 maydagi “Qishloq xo`jaligini o`z vaqtida qishloq xo`jaligi texnikasi bilan ta`minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida nazarda tutildi.
Qarorga ko`ra, qishloq xo`jaligi texnikasini etkazib berish uchun buyurtmalar portfelini shakllantirish ustuvor ravishda bir yilda ikki marta – fevral-mart va sentyabr-oktyabr oylarida mahalliy va jahonning etakchi ishlab chiqaruvchilari ishtirokida o`tkaziladigan hududiy yarmarkalar davomida amalga oshiriladi. Bunda fevral-mart oylarida qishloq xo`jaligi texnikasini joriy yil uchun, sentyabr-oktyabr oylarida – kelgusi yil uchun etkazib berish bo`yicha qo`shimcha shartnomalar tuziladi.
Shuningdek, ishlab chiqaruvchilarga qishloq xo`jaligi texnikasi uchun oldindan to`lov etkazib berilayotgan texnika narxining 80 foizidan kam bo`lmagan miqdorda texnikani etkazib berish boshlanishidan 120 kundan kam bo`lmagan muddatda, yakuniy hisob-kitob esa etkazib berilgan texnika qabul qilingandan keyin 10 ish kuni davomida amalga oshiriladi.






