AsosiyJamiyat

Asaka avtomobil zavodi BIQ-III sertifikatini qo`lga kiritdi

'Asaka avtomobil zavodi BIQ-III sertifikatini qo`lga kiritdi'ning rasmi

GM Uzbekistan Asaka avtomobil zavodi ishlab chiqarish jarayonlariga sifatni integrasiya qilingaligini belgilab beruvchi BIQ-III (Built-In Quality) sertifikatini qo`lga kiritdi.

Bu so`nggi 3 yil davomida avtozavodda amalga oshirilgan va sifat talablarini to`la bajarilishini ta`minlashga qaratilgan keng qamrovli tadbirlar natijasi bo`ldi. O`tgan vaqt mobaynida texnologik uskunalar to`la modernizasiya qilindi va ularning tarkibi yangilandi, GM kompaniyasining ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarishga yo`naltirilgan yangi tizim va instrumentlari joriy qilindi, korxona hodimlari GM kompaniyasining Janubiy Koreya, Xitoy, Tayland, Hindistonda joylashgan zavodlarida o`qib qaytishdi va h.k.

Tekshiruv General Motors korporasiyasining Janubiy Koreya, Xitoy, AQSh va Hindistondagi mutaxassislari tomonidan o`tkazildi.

Sertifikat “General Motors International” tashkilotining auditi natijasida topshirildi. Sertifikat topshirish marosimiga GM International kompaniyasi vise-prezidenti Fil Kinli tashrif buyurdi.

Sertifikatni qo`lga kiritish uchun 44 ta ko`rsatkich bo`yicha talablarga to`la javob berish lozim. Natijalar Asaka avtomobil zavodi ushbu standartlar bo`yicha 100 foiz talabga javob berishini ko`rsatdi (minimal daraja – 95,5%).

Korxonadagi ishlab chiqarish jarayoniga sifat darajalarini belgilab beruvchi uchinchi darajaning berilishi korxonaga GM global platformasidagi deyarli barcha avtomobillarni o`zlashtirish imkonini beradi.

Sifat darajalarini belgilab beruvchi daraja (BIQ) zavod ishlab chiqarish jarayoniga GMS’ni joriy etish darajasiga ko`ra aniqlanadi.

Ishlab chiqarishning global tizimi (GMS) zavodda ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatini yaxshilash hamda nazorat qilish maqsadida joriy etilgan. U 5 asosiy omilga bo`linadi: xodimlarning jalb qilinishi, standartlashtirish, sifatni integrasiya qilish, vazifalarni qisqa muddatlarda bajarish, doimiy takomillashtirish.

Shunday qilib, zavodga joriy etilgan GMS global ishlab chiqarish tizimi xavfsizlik va sifatning yuqori standartlari yagonaligini ta`minlaydi hamda ishlab chiqarishga eng yaxshi uslub, texnologiya va jarayonlar qo`llash imkonini beradi.

Bugungi kunda “GM Uzbekistan” Asaka zavodida 8 mingdan ortiq xodimlar faoliyat ko`rsatmoqda.

    Boshqa yangiliklar