Vashingtonda 200 ga yaqin elchixona bor. O`zbekiston elchixonasi AQSh poytaxtining markaziy ko`chalaridan biri – Massachussetts avenyusida joylashgan. Bu erni «elchixonalar qatori» deyishadi, chunki ko`plab diplomatik vakolatxonalarga makon. 5 may kuni barcha elchixonalar oddiy ommaga o`z eshigini ochdi.
Passport DC dasturi asosida Vashingtondagi elchixonalarda madaniy turizm targ`ib qilinadi.
Diplomatik vakolatxonalar — davlatning chet eldagi yuzi.
Kun bo`yi O`zbekiston elchixonasiga 10 ming nafarga yaqin mehmon kelib ketdi.
Elchi Javlon Vahobovning «Amerika Ovozi»ga aytishicha, soat 10:00dan 13:30ga qadar 6 ming kishi tashrif buyurgan, deb yozadi O`zA.
«Asosiy maqsad O`zbekistonni tanishtirish – mamlakatda kechayotgan o`zgarishlar, bugungi vaziyat, shuningdek, yurtimiz madaniyati va tarixi haqida ma`lumot berish», – deydi O`zbekistonning AQShdagi elchisi.

Diplomatning ta`kidlashicha, bu yili dunyoning bu chekkasidan respublikaga sayyoh sifatida borayotganlar sonini 10 mingga etkazish ko`zlangan.

Mehmonlar O`zbekiston elchixonasini aylanar ekan, to`rt qavatli serhasham imoratning bir asrlik tarixi bilan tanishdi.

«Bunday elchixona binosiga ega bo`lish biz uchun katta g`urur, katta faxr», deydi O`zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov.






