AsosiyJamiyat

Dunyoga mashhur OAV vakillari Qoraqalpog`istonga kelmoqda

'Dunyoga mashhur OAV vakillari Qoraqalpog`istonga kelmoqda'ning rasmi

AQShdagi dunyoga mashhur nashri — «The New York Times» gazetasining Moskva shahridagi byurosi hamda Buyuk Britaniyaning «BBC One» telekanali ijodiy xodimlari Qoraqalpog`istonga tashrif buyurishi kutilmoqda.

«The New York Times» ijodiy guruhi tashrifidan asosiy maqsad “Sahrodagi Luvr” deb atalgan I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san`at muzeyi va Qozog`iston milliy geografik jamiyati bilan birga Janubiy Orol aholisining turmushi haqida materiallar tayyorlashdir.

Sayohat davomida gazeta vakillari I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san`at muzeyi direktori Gulbahor Izentaeva bilan suhbatlashishi rejalashtirilgan. Mo`ynoq tumaniga borib, Orol dengizining bugungi ahvolini ko`rishadi, hududdagi o`zgarishlar bilan tanishishadi.

Bundan tashqari shu oyning oxirlarida Buyuk Britaniyaning «Hello-Halo» prodyuserlik kompaniyasining ijodiy jamoasi ham Qoraqalpog`istonda mehmonda bo`lishi kutilmoqda.

Buyuk Britaniyaning dunyoga taniqli «BBC One» telekanali uchun hujjatli filmlarni olib, efirga uzatadigan ushbu kompaniya Orol dengizi bilan bog`liq «The Truth About» filmini olishni maqsad qilgan.

Hujjatli filmda I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san`at muzeyi, Mizdaqxan majmuasidagi Gyauir qal`a me`moriy esdaligi, Mo`ynoq tumanidagi keksa baliqchilar bilan intervyu, Kemalar qabristoni, Orol dengizining bugungi ahvoli, dengizning qurigan tubida o`stirilayotgan saksovul o`rmonlari, shuningdek, Mo`ynoqdagi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning bugungi rivojlanish holati ko`rsatilishi rejalashtirilgan.

O`zA xabariga ko`ra, mashhur ommaviy axborot vositalarining Qoraqalpog`iston va Orol dengizi haqida tayyorlagan turkum materiallari hududning turistik salohiyatini dunyoga namoyish etadi.

    Boshqa yangiliklar