Markaziy Afrika davlatlariga Ebola epidemiyasi yana xavf solmoqda. Kasallik virusini yuqtirgan insonlar Kongo Demokratik Respublikasining g`arbidagi yirik shahar – Mbandakada aniqlangan.
O`lim xavfi kuchli bo`lgan yuqumli kasallikdan hozircha bir kishi vafot etgan. Yana o`n bir kishi, xususan uch shifokor shifoxonaga joylashtirilgan.
Kongo sog`liqni saqlash vazirining ma`lum qilishicha, Ebola tarqalgan hududga mutaxassislar guruhi jo`natilgan. Ular epidemiologik vaziyatni baholab beradi.
“Ebola bezgagi” hozirgi zamonning eng xavfli kasalliklaridan hisoblanadi. Kasallik virusi kuchli varaja va haroratning ko`tarilib ketishi, shaytonlash, ichki va tashqi qon ketishiga olib keladi. To`qson foiz holatda kasallik o`lim bilan tugaydi.
Eslatib o`tamiz, 2014 yilda Afrika davlatlarida tarqalgan Ebola virusi sakkiz mingdan ziyod insonni hayotdan olib ketgan edi.






