O`zbekiston Respublikasi kinofotohujjatlari markaziy davlat arxivida Amir Olimxonga tegishli suratlar va uning Peterburgda Nikolay podsho bilan uchrashuvi olingan qisqa video tasvir saqlanmoqda, deb yozadi O`zA.
Ehtiyot qilib saqlanganiga qaramay bu tasvirlar hozirda juda xiralashib qolgan. Shunday bo`lsa-da, ularni ko`rib, hayratlanasiz. Axir, 1900 yillarda shu tasvirning olinishi va uni arxivda saqlab qolinganini o`zi mo``jiza emasmi? Ularga qarab, o`tmishga qaytgandek, davrning nafasini bir dam his qilgandek bo`lasiz.
Kichik formatda, sarg`ayib ketgan suratlarga boqib, "Vatansiz amir — nochoru abgor, Vatanida o`lgan gadoy–haqiqiy amir", so`zlari quloqlarimiz ostida jaranglaganday bo`ldi. Ha, bu so`zlar Buxoroning so`nggi hukmdoriga tegishli bo`lib, u o`limi oldidan qabriga ana shu jumlani yozib qoldirishni vasiyat qilgan ekan.

Shu o`rinda Amir Olimxon haqida ba`zi ma`lumotlar.
1893-1896 yillarda Peterburgda ta`lim olgan Sayyid Mir Olimxon 1911 yilning yanvarida Buxoro amiri bo`ldi.
1911-1920 yillarda Buxoro taxtini boshqardi.
U o`zining «Buxoro xalqining hasrati tarixi» haqidagi kitobida shunday yozadi: «... Vaqt kelib Buxoroyi sharif davlati buvam, rahmatlik Sayyid Amir Muzaffarxon davri salatanatidan to rahmatlik Sayyid Amir Abdulahadxon mag`furu marhum padari buzrukvorim zamoniga va undan to bu bandayi ojiz saltanati muddatigacha mana shu Buxoroda o`tdi. Bu orada va muazzam rus davlati saltanati barqarorligining oltmish uch yilligi davomida bu tomonlarda do`stlik va oshnachalik yuz berib, ikki davlat orasida do`stlik barqaror va bardavom bo`ldi. Shu sababdan rus davlati xodimlari bilan Buxoro davlati xodimlari o`rtasida kelishuv ham bo`lib o`tgan edi...»
Shunday kelishuv bo`lishiga qaramay, Amir Olimxon Buxoroda sovet hukumati o`rnatilgach, Afg`onistonga chiqib ketdi. 1944 yilda 64 yoshida Qobul atrofidagi Fatuh qal`asida vafot etgani manbalarda keltiriladi.
Ha, mustaqillikka erishgunimizgacha bo`lgan davrda har qanday hukmdor, jumladan, Amir Olimxon xotirasi ham qoralangan edi. U davrga tegishli tarixiy faktlar buzib ko`rsatilgan yoki butunlay yo`q qilingan. Shunday bo`lsada, o`zbek xalqi o`z o`tmishini, farzandlarini hech qachon unutmaydi.