Nyu-Yorkning Xofstra universiteti tasviriy san`at kafedrasi professori Aleksandr Naymark Uzbekistan Today jurnalistiga bergan intervyusida O`zbekiston-Amerika davlatlari hamkorlikda o`ziga xos, katta shov-shuvlarga sabab bo`lishi kutilayotgan arxeologik loyihani amalga oshirayotganliklarini ma`lum qildi.
“Biz O`zbekiston bilan ilmiy sohadahamkorlik qilishni uzoq kutdik. O`zbekistonda ro`y bergan ijobiy o`zgarishlar tufayli Qarshi shahrida yirik arxeologik loyihani amalga oshirish uchun Milliy universitet bilan o`zaro shartnoma tuzdik. Uni amalga oshirish natijasida tarixga noma`lum bo`lgan, O`zbekistonda eramiz boshida barpo etilgan ulkan so`g`d shahri haqida qimmatli ma`lumotlarga ega bo`lishga umid qilmoqdamiz.
Shuni ta`kidlash lozimki, O`zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoev ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan yirik loyihalarni amalga oshirishga katta e`tibor qaratmoqda. Tadqiqot markazlarining ochilishi, o`zbekistonlik yosh tadqiqotchilarning bilim olishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar buning yorqin dalilidir. Olimlarda xalqaro loyihalarda faol ishtirok etish imkoniyati paydo bo`ldi.
Mamlakatning bunday sa`y-harakati, olg`a intilishi O`zbekiston madaniy merosining saqlanishiga katta yordam beradi. Bu yo`nalishda O`zEOAVMAning bir qator davlat va jamoatchilik tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirgan “O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida” nomli loyihasi o`ziga xos, ulkan qadam bo`ldi.
Bu O`zbekiston qadimiy merosi bilan shug`ullanuvchi dunyo olimlari bilan hamkorlik qilishda qo`l keladigan muhim loyiha bo`ldi. Bu erda bizni juda ham ko`plab shov-shuvli topilmalar va ilmiy kashfiyotlar kutmoqda. O`zbekistonda ro`y berayotgan bunday o`zgarishlar, ilm-fanning yuqori cho`qqilarga chiqishida, xalqaro darajadagi kashfiyotlarning yaratilishida muhim turtki bo`ladi.






