AsosiyJamiyat

Afv etish to`g`risidagi nizom – nimalar o`zgardi?

'Afv etish to`g`risidagi nizom – nimalar o`zgardi?'ning rasmi

2018 yil 8 mayda “O`zbekiston Respublikasida afv etishni amalga oshirish tartibi to`g`risida nizomni tasdiqlash haqida”gi Prezident Farmoni imzolandi.

Shu munosabat bilan, 2009 yil 13 martda qabul qilingan "O`zbekiston Respublikasida afv etishni amalga oshirish tartibi to`g`risida"gi Nizom o`z kuchini yo`qotdi.

Yangi tahrirda qabul qilingan Nizom bilan eskisining nima farqi bor?

Birinchidan, afv etish haqida iltimosnomani kiritish huquqiga ega bo`lgan sub`ektlar ro`yxati birmuncha aniqlashtirildi. Eski Nizomda “Afv etish haqidagi iltimosnoma, qoida tariqasida, sudlangan shaxs tomonidan yozma shaklda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga beriladi” deb belgilangan edi. Yangi Nizomda esa, ushbu iltimosnoma sudlangan yoki jazoni o`tab chiqqan shaxs, shuningdek, qonun tomonidan iltimosnoma kiritish huquqiga ega bo`lgan boshqa shaxs (organ) tomonidan kiritilishi mumkin ekanligi keltirilgan. Shuningdek, iltimosnoma boshqa shaxs (organ) tomonidan berilganda afv etilishi so`ralayotgan shaxsning yozma roziligi bo`lishi kerak.

Ikkinchidan, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi afv etish masalalari bo`yicha Komissiyaning tarkibiga kimlar kirishi aniq ko`rsatib berildi. Yangi Nizomga asosan, ushbu Komissiyaning tarkibi O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, shuningdek, Yoshlar ittifoqi va Xotin-qizlar qo`mitasi, fuqarolarning o`zini-o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashitirish Respublika kengashi ham «Nuroniy» jamg`armasi vakillaridan iborat bo`ladi.

Shuningdek, Komissiya tarkibiga Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputatlari va Senat a`zolari, boshqa davlat va nodavlat-notijorat tashkilotlarning vakillari hamda boshqa shaxslar ham jalb qilinishi mumkin.

Uchinchidan, afv etish haqidagi iltimosnomaga ilova qilinadigan hujjatlar soni ortdi. Jumladan, iltimosnomani dastlabki tarzda ko`rib chiquvchi Prezident huzuridagi afv etish masalalari bo`yicha Komissiya Sektoriga iltimosnoma bilan birga yuboriladigan hujjatlar ro`yxatiga jazoni ijro etuvchi muassasaning ma`muriyati tomonidan tasdiqlangan mahkumning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi qo`shildi.

Eslatib o`tamiz, Nizomga muvofiq afv etish Prezident tomonidan quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:

  • asosiy va o`talmagan qo`shimcha jazodan to`liq yoki qisman ozod etish;
  • jazodan shartli ozod qilish;
  • umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini yoki o`talmay qolgan ozodlikdan mahrum qilish jazosi qismini engilroq jazoga almashtirish;
  • sudlanganlikni olib tashlash.

    Boshqa yangiliklar