Prezidentimizning “Diniy-ma`rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni asosida O`zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondini tashkil etish belgilangan.

Farmonda tegishli idoralarga fuqarolardan zakot, fitr va boshqa xayriya mablag`lari sifatida tushadigan mablag`lar “Vaqf” xayriya jamoat fondining alohida hisob raqamida to`planishi hamda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan (shu jumladan, Internet tarmog`i orqali onlayn kuzatish imkoniyatini yaratgan) holda mablag`larning tushishi va sarflanishida to`liq shaffoflikni ta`minlash bo`yicha amaliy ko`mak berish topshirilgan.
Shu munosabat bilan, Adliya vazirligi tomonidan O`zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi davlat ro`yxatidan o`tkazildi.
Mazkur tashkilotning asosiy maqsadi ko`p asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fan va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo`shgan ajdodlarimizning bebaho merosini o`rganish, xalqimizga azal-azaldan xos bo`lgan ma`rifatparvarlik, bag`rikenglik, mehr-muruvvat, bunyodkorlik kabi ezgu fazilat va qadriyatlarni davom ettirishga ko`maklashish hisoblanadi.
Ushbu fondning tashkil qilinishi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risida”gi qonunda belgilangan fuqarolarning huquqlarini amalga oshirishlari uchun yana bir imkoniyat bo`ldi.
Adliya vazirligida “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari Jaloliddin Hamroqulovga fondning davlat ro`yxatidan o`tkazilganligi to`g`risidagi guvohnoma topshirildi.






