2018 yil 15 may kuni O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan Namangan viloyati Norin tumanida joylashgan “Hidoya” islom bilim yurtida kitob va kitob mutolaasini yoshlar o`rtasida keng targ`ib qilish maqsadida ijodiy uchrashuv tashkil qilindi.
Uchrashuvda so`zga chiqqan O`zMAA Bosh direktori L.Tangriev O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning Namangan viloyatiga qilgan tashrifi va shundan keyin amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlariga alohida to`xtalib, xususan, 2017 yil 13 sentyabrda e`lon qilingan “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ib qilish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to`g`risida”gi Prezident qarori ijrosini ta`minlash bo`yicha olib borilayotgan ishlarni qayd etdi.
- Kitob va kitobxonlikni aholi, ayniqsa, yoshlar o`rtasida keng targ`ib qilish ularning dunyoqarishi va ma`naviyatining yanada yuksalishiga olib keladi. Namangandan etishib chiqqan ijodkorlar hayoti va ijodini o`rganish juda muhim bo`lib, bu yoshlarni ajdodlarga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi, - deya ta`kidladi L.Tangriev.
Uchrashuvda O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan “Hidoya” o`rta maxsus islom bilim yurtiga yaqinlashib kelayotgan Ramazon tuhfasi sifatida 100ga yaqin nomdagi diniy-ma`rifiy kitoblar sovg`a qilindi.






