AsosiyJamiyat

Aliment to`lash va undirish tartibi

'Aliment to`lash va undirish tartibi'ning rasmi

Aliment olish huquqiga ega bo`lgan shaxs, aliment talab qilish huquqi vujudga kelganidan so`ng qancha muddat o`tganidan qat`i nazar, xohlagan vaqtda aliment undirish talabi bilan sudga murojaat qilishi mumkin.

Mazkur shaxs, nizo bo`lmagan taqdirda, voyaga etmagan bolalar uchun aliment undirish to`g`risidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli.

Sudga murojaat qilish tartibi quyidagicha:

Eng avvalo, undiruvchi, sud buyrug`i chiqarish to`g`risidagi arizani yozishi kerak. Unda quyidagi ma`lumotlar ko`rsatilishi shart:

1) ariza berilayotgan sud nomi;

2) undiruvchining nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi) hamda uning yashash joyi;

3) qarzdorning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi) hamda uning yashash joyi;

4) undiruvchining talabi va talabga asos bo`lgan holatlar;

5) arz qilingan talabni tasdiqlovchi, ilova etilayotgan hujjatlar ro`yxati.

Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab undiriladi.

Agar ta`minot uchun mablag` olish choralari sudga murojaat qilingunga qadar ko`rilganligi, ammo aliment to`lashi shart bo`lgan shaxsning uni to`lashdan bosh tortganligi oqibatida aliment olinmaganligi sud tomonidan aniqlansa, o`tgan davr uchun aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab uch yillik muddat doirasida undirib olinishi mumkin.

Aliment to`lashi shart bo`lgan shaxsning ish joyidagi ish beruvchi yoki pensiya, nafaqa, stipendiya olayotgan joyidagi tashkilot ma`muriyati aliment to`lash to`g`risidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvga yoki ijro varaqasiga asosan aliment to`lashi shart bo`lgan shaxsning ish haqidan va (yoki) boshqa daromadidan har oyda aliment ushlab qolib, aliment to`lashi shart bo`lgan shaxsga ish haqi to`langan va (yoki) boshqa daromadlar olingan kundan boshlab, uch kundan kechiktirmay aliment oluvchi shaxsga aliment to`lashi yoki aliment to`lashi shart bo`lgan shaxsning hisobidan unga o`tkazishi shart.

Aliment qarzining miqdori davlat ijrochisi tomonidan sudning hal qiluv qarori yoki aliment to`lash to`g`risidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvda belgilangan aliment miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

Oila kodeksiga ko`ra voyaga etmagan bolalarga to`lanadigan aliment qarzining miqdori aliment to`lashi shart bo`lgan shaxsning ish haqi va (yoki) boshqa daromadi miqdoridan kelib chiqqan holda aliment undirilmagan vaqt uchun hisoblab chiqiladi.

Agar aliment to`lashi shart bo`lgan shaxs shu davrda ishlamagan bo`lsa yoki uning ish haqi va (yoki) daromadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan bo`lsa, aliment qarzi undirilayotgan vaqtda aliment O`zbekiston Respublikasidagi o`rtacha oylik ish haqi miqdori bo`yicha hisoblab chiqiladi.

Aliment to`lashi shart bo`lgan shaxs doimiy yashash uchun yoki uch oydan ortiq muddatga chet davlatga ketayotganida qonunga muvofiq o`zi ta`minot berishi lozim bo`lgan aliment oluvchilar bilan aliment to`lash to`g`risida kelishuv tuzishi shart.

Aliment to`lash to`g`risida kelishuvga erishilmagan taqdirda manfaatdor shaxs aliment miqdorining pul bilan to`lanadigan qat`iy summada belgilanishi va alimentni bir yo`la to`lash to`g`risida yoki aliment evaziga muayyan mol-mulkni berish yoxud alimentni boshqa usulda to`lash to`g`risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.

Voyaga etmagan bolalar ta`minoti uchun alimentlar oldindan to`langan yoki aliment to`lash majburiyatini ta`minlash uchun garov shartnomasi tuzilgan bo`lsa, shaxs aliment to`lash to`g`risida kelishuv tuzish majburiyatidan ozod etiladi.

    Boshqa yangiliklar