O`zbekiston delegasiyasining Amerika Qo`shma Shtatlariga rasmiy tashrifi munosabati bilan “Uillard Interkontinental Vashington” otelida uyushtirilgan uchrashuvda e`tiborli voqea ro`y berdi. Gap shundaki, ko`p yillik samarali ijodi, o`zbek maqom san`atini rivojlantirish, xalqimizning boy madaniy merosini dunyoda targ`ib etishga qo`shgan hissasi uchun maqom ansamblining sobiq xonandasi Izro Malakov “O`zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Vashingtonda xizmat safarida bo`lib turgan "Xalq so`zi" nashrining maxsus muxbiri Shavkat Ortiqov xalqimizning sevimli xonandasi Izro Malakovdan eksklyuziv intervyu olib, uning dil so`zlari bilan o`rtoqlashdi:
— “O`zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni bilan taqdirlanganim hayotimdagi eng quvonchli voqealardan biri bo`ldi. To`g`risi, ushbu nufuzli anjumanga taklif qilishganida menga bunday e`tibor va g`amxo`rlik ko`rsatiladi, deb o`ylamagan edim. Hozir hayajonimni so`z bilan ta`riflashga ojizman.
O`zbek xalqi san`atni chin dildan sevadi, uni ma`naviyatni boyitadigan, qalb hamda ruhni yuksaltiradigan beqiyos kuch, deb biladi. Buni O`zbekistonda maqom san`atini yanada rivojlantirish, uni chuqur o`rganish, asrab-avaylash, nozik asrorlarini targ`ib etish, maqomchilar, maqomshunos ilmiy-pedagog olimlar va mutaxassislar faoliyatini moddiy hamda ma`naviy jihatdan qo`llab-quvvatlashga alohida e`tibor qaratilayotganidan ham bilish mumkin. Bu haqda internet orqali bilib, eshitib-ko`rib turibmiz. Men kabi o`zga mamlakatda yashayotgan san`atkorga-da ko`rsatilayotgan e`zozni esa bir so`z bilan yuksak ehtirom, deb atash mumkin.
Shavkat Miromonovichning AQShga rasmiy tashrif bilan kelishi haqidagi xabarni eshitgan kunimdanoq katta hayajon, o`zgacha faxr va g`ururda edim. Chunki bu inson Prezident etib saylanganidan buyon O`zbekistonda xalqparvar siyosat yuritayaptiki, mazkur islohotlar kun sayin barchaning havasu hayratini oshirmoqda. Ushbu tarixiy tashrifning bevosita guvohiga aylanganimdan juda xursandman. Qarang, qanchadan-qancha yirik shartnomalar imzolandi. Bularning barchasi O`zbekiston hamda AQSh o`rtasidagi munosabatlar taraqqiyotida muhim asos bo`lib xizmat qiladi.

Shu o`rinda mehnatimni qadrlagani uchun O`zbekiston Prezidenti va o`zbek xalqiga cheksiz minnatdorlik bildiraman. Bu g`amxo`rlik davlat rahbarining nafaqat O`zbekistondagi, balki butun dunyoda O`zbekistonga daxldor insonlarni qadrlashining, ularni har tomonlama qo`llab-quvvatlashining amaliy ifodasi bo`ldi.
O`zbekiston — biz uchun tabarruk diyor. U erda Buxoro yahudiylariga shu qadar katta e`tibor, mehr ko`rsatilganki, dunyoning boshqa joyida bunday g`amxo`rlikni ko`rmaganmiz. Yoshim ulg`ayib borayapti, lekin mana bu unvon, shubhasiz, menga yangi kuch bag`ishlaydi. Bundan keyin ham maqom san`atining yanada ravnaq topishiga, xalqimizning mazkur noyob madaniy merosini dunyoga keng yoyishga hissa qo`shishga undaydi.







