O`zbekiston bilan Ozarbayjon o`rtasidagi ikki tomonlama ishonch va hurmat asosiga qurilgan do`stona munosabatlar tarixiy ildizlar, yaqin milliy an`analar, til va din birligiga asoslanadi. Xalqlarimizning hamjihatligi, bir-biriga hurmatini madaniy-gumanitar aloqalar rivojidan ham bilsa bo`ladi.
Ozarbayjonda har yili 28 may kuni Respublika kuni nishonlanadi. Ozarbayjon xalqining buyuk farzandi Haydar Aliev zamonaviy Ozarbayjon, bu — 1918 yil 28 may kuni tashkil etilgan Ozarbayjon Demokratik Respublikasining tarixiy merosxo`ri deb ta`kidlagandi. Ozarbayjon xalqi uchun muhim ahamiyatga ega ushbu kunda mamlakatda turli tadbirlar o`tkaziladi.
Shu munosabat bilan Yurtimizdagi Ozarbayjon elchixonasi qoshidagi Haydar Aliev nomli Ozarbayjon madaniyat markazi tashkilotchiligida hamda Ozarbayjon elchixonasi qo`llovida kecha, 17 may kuni Toshkentning “Turkiston” saroyida Ozarbayjon Demokratik Respublikasining 100 yilligiga bag`ishlangan do`stlik konsert bo`lib o`tdi.
Konsert avvalida “Ozarbayjon, 100 yillik yubiley bilan muborakbod etamiz!” nomli ko`rgazma ham namoyish etildi. Ko`rgazmada Ozarbayjon xalqining tarixi, madaniyati, urf-odatlari va yutuqlari namoyish etildi.
Konsert dasturini ochib berish uchun so`zga chiqqan Ozarbayjonning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Guseyn Kuliev tashrif buyurganlarga minnatdorchilik bildirgan holda ikki davlat munosabatlari, Ozarbayjon xalqining mustaqillikka erishish uchun bosib o`tgan yo`li haqida gapirdi.
Konsertda O`zbekiston “Yoshlar simfonik orkestri”, Ozarbayjonda xizmat ko`rsatgan artist, 2017 yil “Sharq taronalari” musiqiy festivali Gran-pri sohibi Sohib Pashazoda, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Ma`suma Boltaboeva, O`zbekiston xalq artisti Nasiba Abdullaeva va boshqalar ishtirok etishdi.
Do`stlik konsertida— Uzeir Gadjibekov, Fikret Amirov, Kara Karaev, Vasif Adigezalov, Farxad Badaybeyli kabi Ozarbayjon xalqining buyuk kompozitorlarining musiqiy durdonalari yangradi. Musiqalarga Ozarbajoyning tarixiy va zamonaviy manzaralari namoyon bo`lgan videolavhalar hamrohlik qildi.
Konsert so`nggida O`zbekiston xalq artisti Nasiba Abdullaeva ozar tilida “Ko`chalara suv sepmisham” qo`shig`ini ko`ylab, qardosh xalqni bayram bilan muborak etdi.
Ushbu tadbir O`zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining do`stlik va hamkorlikka intilishining yana bir namoyon etadi.
Dilfuza Sobirova






