AsosiyJamiyat

24-25 may kunlari “Kitob bayrami” o`tkaziladi

'24-25 may kunlari “Kitob bayrami” o`tkaziladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 13 sentyabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ib qilish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to`g`risida»gi PQ-3271-son qarorida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan 2018 yil 24-25 may kunlari “Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish buyuk maqsadlarimizga erishishning muhim kafolatidir” shiori ostida Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlar markazlari hamda Toshkent shahrida Respublika “Kitob bayrami” tadbirlari o`tkaziladi.

Kitob bayramidan ko`zlangan asosiy maqsad – bu kitobning jamiyatimiz ma`naviy-ma`rifiy hayotidagi o`rnini yanada oshirish, buyuk ajdodlarimizning yorqin xotirasini, zamonamiz qahramonlari timsolini haqqoniy va xalqchil aks ettiruvchi adabiyotlar salmog`ini oshirishda adib va noshirlarni qo`llab-quvvatlash, yosh avlodni intellektual rivojlangan, jismonan sog`lom va ma`nan barkamol qilib voyaga etkazishda kitobning o`rni va ahamiyatini yanada yuksaltirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishdir.

Ikki kun davomida bo`lib o`tadigan tadbir doirasida:

Poytaxtimizning markazi – Sayilgoh ko`chasida, shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasi va barcha viloyatlar markazlarida respublika nashriyotlari tomonidan kitob mahsulotlari ko`rgazmalari tashkil etiladi;

“Namunali kitob do`koni” tanlovining viloyat bosqichi g`oliblarini taqdirlash marosimi, turli xil so`rovnoma va aksiyalar o`tkaziladi;

Kitob bayrami kunlarida, shuningdek, mushoiralar, adabiy uchrashuvlar, shaxmat va shashka musobaqalari ham tashkil qilinadi;

Taniqli san`atkorlar va yosh iste`dod sohiblari, shuningdek, Respublika yosh tomoshabinlar teatri va Respublika qo`g`irchoq teatrining hamda turli bolalar san`at guruhlarining “Kitobsevarlarni qutlaymiz!” nomli chiqishlari uyushtiriladi;

“Eng yaxshi kitobxon oila”, “Eng yaxshi kitobxon”, “Yosh kitobxon” kabi sovrinli viktorinalar va “Kitob o`qishni yoqtirasizmi?” mavzuida ijtimoiy so`rovlar o`tkaziladi;

Kitob bayrami qatnashchilari hisoblangan nashriyotlar, ijodiy uylar va matbaa korxonalari o`rtasida “Eng faol ishtirokchi” hamda “Eng yaxshi stend” nominasiyalarida tanlov o`tkaziladi va g`oliblar tashkilotchilar tomonidan taqdirlanadi.

Siz ikki kun davomida “Kitob bayrami”da bevosita ishtirok etishingiz, noshirlarimiz tomonidan chop etilgan yangi kitoblar bilan tanishishingiz, o`zingiz va farzandlaringiz uchun turli kitoblarni xarid qilishingiz mumkin.

Barcha kitobsevarlarni Respublika “Kitob bayrami”ga taklif etamiz!

Tashkiliy qo`mita

    Boshqa yangiliklar