AsosiyJamiyat

Gripp yuqtirish xavfi yuqori bo`lgan shaxslar vaksinasiya qilinadi

'Gripp yuqtirish xavfi yuqori bo`lgan shaxslar vaksinasiya qilinadi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasida gripp va boshqa o`tkir respirator infeksiyalarning tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, gripp va boshqa o`tkir respirator infeksiyalarning kompleks profilaktikasi, birinchi navbatda, yuqtirish va og`ir oqibatlarga chalinish xavfi yuqori bo`lgan aholi toifasining umumiy vaksinasiyasini tashkil etish orqali amalga oshiriladi.

2018 yil 1 avgustdan grippning og`ir shakllariga va boshqa o`tkir respirator infeksiyalarga chalingan hamda klinik-epidemiologik ko`rsatmalar bo`yicha parranda va hayvonlarda uchraydigan grippning yuqori patogen viruslarini hamda odamlar uchun xavfli bo`lgan boshqa o`tkir respirator infeksiyalarni yuqtirganlikda gumon qilinayotgan shaxslarga ushbu virus turlari bo`yicha majburiy tashxis qo`yilishi belgilandi.

Shuningdek qaror bilan quyidagi tadbirlarni amalga oshirish bo`yicha mutasaddi tashkilotlarga vazifalar yuklandi:

gripp yuqtirish va uning og`ir asoratlarini boshidan o`tkazish xavfi yuqori bo`lgan shaxslarni mavsumdan oldin vaksinasiyasini tashkil etish;

yuqori patogen gripp viruslari va boshqa o`tkir respirator infeksiyalarning O`zbekiston hududiga kirib kelishini nazorat qilish hamda uning oldini olish;

gripp va boshqa o`tkir respirator infeksiyalarga qarshi vaksinalar, tashxis vositalari, virusga qarshi vositalar hamda shaxsiy himoya vositalarining mahalliy ishlab chiqarilishini tashkil etish va rivojlantirish;

davolash-profilaktika muassasalarini ehtiyojga qarab gripp va boshqa o`tkir respirator infeksiyalarni samarali profilaktika qilish, ularga tashxis qo`yish va davolash uchun zarur bo`lgan samarali shaxsiy himoya va tezkor-tashxis qo`yish vositalari, virusga qarshi, patogenetik hamda boshqa vositalar va uskunalar bilan ta`minlash.

    Boshqa yangiliklar