Harbiylarning farzandlariga o`qishga kirishda imtiyoz berilishi haqidagi Prezident qarori katta shov-shuv bo`lyapti. Bu shov-shuvlar qarorning o`zi emas, undagi birgina IMTIYoZ so`zi atrofida kechayotgani ushbu maqolaning yozilishiga sabab bo`ldi. Qarorni o`qimaganlar yoki o`qib tushunmaganlarga o`sha imtiyozlar nimalardan iborat ekani va uning oddiy fuqarolarga foyda va zarari haqida sodda, xalqchil tilda tushuntirish kerak ekan (menimcha, hamma qonun hujjatlarining shunday “xalqona” matni bo`lishi lozim).
Avvalo, nega yana o`qishga kirishda imtiyoz va nega yana harbiylarga?
To`g`ri, hozir oliy o`quv yurtlariga kirishda imtiyozli kategoriyalar ko`payib ketdi: olimpiadachilar, zulfiyachilar, Yoshlar ittifoqi... Ularning har birini o`z o`rnida predmetli tahlil qilish kerak va bu maqola doirasiga kirmaydi. “Harbiylarning farzandlariga imtiyoz” degan jumla shu fonda boshqacha, noto`g`ri assosiasiyalar keltirib chiqaryapti. Lekin ayni Qarorda vaziyat tamomila boshqacha.
Qarordan iqtibos:
“Harbiy xizmatchilarning yangi xizmatni o`tash joylariga, shu jumladan, iqlim sharoitlari og`ir bo`lgan uzoq garnizonlarga ko`chib o`tishi natijasida, ularning farzandlari ta`lim muassasalarini doimiy ravishda o`zgartirib turishadi, mazkur holat esa ular tomonidan olinayotgan bilimlar sifatiga ta`sir ko`rsatmoqda”.
Izoh ortiqcha. Sabab tushunarli bo`ldi, nazarimda.
Endi bevosita imtiyozlarga o`tsak.
- Harbiylarning farzandlari belgilangan davlat grantlariga emas, ulardan TAShQARI ajratilgan o`rinlarga kiradi. Masalan, bir yo`nalish bo`yicha bakalavriatga 100 ta o`rin ajratilgan (byudjet, kontrakt aralash), shunda shu yuztaning ustiga yana 5 ta harbiylarning farzandlari uchun grant o`rni ajratiladi, ya`ni 105 ta talaba qabul qilinadi. Faqat o`sha qo`shimcha 5 ta grant asosida o`qiydi, ya`ni tekinga.
- To`g`ridan to`g`ri kirib ketavermaydi. Qarorda TANLOV ASOSIDA qabul qilinadi deb yozilgan. Ya`ni el qatori test topshiradi. Olaylik, biz yuqorida aytgan 5 ta o`ringan 10 ta, 20 ta, hatto 50 ta ariza topshirilishi mumkin. Albatta, tanlov bo`ladi-da. Lekin bu tanlov teng imtiyozli va teng sharoitlilar o`rtasida, ya`ni harbiylarning farzandlari o`rtasida bo`ladi. O`sha 5 talaba to`plagan ballari asosida reyting tizimi bo`yicha qabul qilinadi. Faqat harbiylarning farzandlari reytingi alohida bo`ladi.
- TAVSIYaNOMA ZARUR. Ya`ni har qanday harbiyning farzandi bu imtiyozlarga da`vo qila olmaydi, albatta, o`zi tegishli bo`lgan vazirlikning tavsiyasi zarur. Vazirliklarga esa o`ziga xos me`yorlar berilgan, joylar foiz hisobida taqsimlab chiqilgan, demak, istagancha tavsiya bera olmaydi. U erda ham o`ziga yarasha raqobat va tanlov bo`ladi. Tavsiya bir umrlik emas, muddati cheklangan. Bir tavsiyanoma bilan uch yilgina o`qishga kirishga urinish mumkin.
- IKKI KARRA IMTIYoZ MUMKIN EMAS. Masalan, harbiy ota o`g`lini imtiyozli o`qishga kiritish uchun tavsiyanoma oldi, bu yoqda o`g`li ham harbiy xizmatni o`tab, kirish ballari uchun imtiyoz oladi. Shunda nima bo`ladi? U yigit ikkidan birini tanlashi kerak. Ikkala tavsiyanomani topshirsa, avtomatik ravishda o`sha alohida 5 foiz uchun kurashadiganlar safiga o`tadi. O`tgan yilgidek, umumiy jangga kirib, imtiyozsizlarning noniga sherik bo`la omaydi. Otasining tavsiyanomasidan voz kechib, o`zining imtiyozidan foydalanmoqchi bo`lsa, umumiy tanlovda ishtirok etadi, lekin shartnoma asosida o`qish ehtimoli borligini ham biladi. Xullas, ham xo`rdani, ham burdani eyish imkoni yo`q.
- TANLOVSIZ QABUL QILINADIGAN TOIFA HAM BOR. Bular harbiy burchini o`tayotganda halok bo`lgan, yaralangan, kontuziya va boshqa shikastlar olganlarning farzandlari. Ya`ni jangda jonini tikkanlarning bolalari. Ular tanlovsiz qabul qilinadi.
- Qarorda 2018/2019 o`quv yillaridan oldin o`qishga kirgan va shartnoma asosida o`qiyotgan harbiylarning farzandlariga vazirliklar va idoralar shartnoma pullarini to`lab berishiga ruxsat etilgan. Ammo bu pullar BYuDJETDAN TAShQARI MABLAG`LAR hisobidan to`lanadi, sizu bizning soliqqa to`lagan pullarimizdan emas.
- IMTIYoZLAR iste`fodagi, pensioner harbiylarning farzandlariga QO`LLANMAYDI, faqat xizmat qilib turganlarga nisbatan joriy etiladi.
Shahnoza TO`RAXO`JAEVA,
Adliya vazirligi bosh maslahatchisi
Manba: Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali