Juma kuni Kubada halokatga uchragan Boeing 737 samolyotiga egalik qiluvchi Damojh aviakompaniyasining faoliyatiga chek qo`yilmoqda. TASSning xabar berishicha, bu Meksika fuqaro aviasiyasi Bosh boshqarmasi bayonotida qayd etilgan.
"18 may kuni sodir bo`lgan fojea sababli "Damojh" havo yo`llarida rejadan tashqari jiddiy tekshiruvlar o`tkaziladi”, deyiladi hujjatda. – Bu vaqtda u o`z faoliyatini to`xtatib turishi haqida ogohlantirildi".
Damojh kompaniyasi Global Air nomi bilan ham tanilgan bo`lib, bir oycha avval laynerni ekipaji bilan birga Cubana de Aviacion kompaniyasiga ijaraga bergan edi. Halokatdan oldin samolyot so`nggi marotaba 2017 yilning noyabrida tekshiruvdan o`tgan bo`lib, o`shanda bir yillik kafolat berilgan.
Eslatib o`tamiz, Boeing 737-200 samolyoti 18 may kuni Gavana – Olgin yo`nalishi bo`yicha parvozni amalga oshirayotib, halokatga uchragan. Ikki qora qutidan biri topilgan bo`lsada, samolyot halokatiga nima sabab bo`lgani xanuzgacha e`lon qilinmagan.
Samolyotda ekipaj bilan birga 113 kishi bor edi, ularning 110 nafari voqea joyida halok bo`ldi, 3 kishi jiddiy jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgan.
So`nggi ma`lumotlarga qaraganda, fojeada omon qolgan uch ayoldan biri shifoxonada olgan jarohatlari tufayli vafot etdi. Shu tariqa, aviahalokat qurbonlarining umumiy soni 111 kishiga etgan. Aviahalokatda omon qolgan yana ikki ayolning ahvoli o`ta og`ir ekani aytilmoqda.
O`z.A