AsosiyJamiyat

Ramazon aytishning tartib-qoidasi mavjudmi?

'Ramazon aytishning tartib-qoidasi mavjudmi?'ning rasmi

Ramazon aytishning o`z yo`l-yo`rig`i, tartib-qoidasi ham mavjudki, buni ko`pchilik unutishgandek, nazarimizda.

Ramazon aytish xalqimizning milliy qadriyatiga aylanib ulgurgan, desak mubolag`a bo`lmaydi. Unda odamlarning ezgu umidlari, orzu havaslari, niyatlari mujassamdir. Bir so`z bilan aytganda, unda musulmonlarning qo`shiqqa jo bo`lgan ezgu niyati va xolis tilaklari bor. Biroq ramazon aytishning o`z yo`l-yo`rig`i, tartib-qoidasi ham mavjudki, buni ko`pchilik unutishgandek, nazarimizda.

Muborak Ramazon oyi boshlandi deguncha, yosh bolalar ikkita-uchta bo`lib, ramazon kuylab kelishadi. Bu holat, ayniqsa, ko`p qavatli uylarda urfga aylangan.

Yaqinda bir kishi aytadi. “Bekatda taksi kutib turgandim, oldimga etti-sakkiz yashar bola kelib, baland ovozda ramazon aytib ketdi. Avvaliga unga qarab turaverdim. So`ng ketavermagach, so`zlariga quloq tutdim. Barchasi ajoyib, iliq, dilga yoquvchi gaplar. Ko`nglim bo`shab ketdi va pul uzatdim. Bola xursand bo`ldi. Uni uzoq vaqt kuzatib turdim. U boshqalarning oldiga ham bordi...”

Ayni kunlarda bu kabi holatlarni juda ko`p uchratamiz. Aslida ramazonni kim, qachon, qaerda aytishi kerak? Ushbu savol har birimiz uchun qiziq, albatta.

– Ramazon aslida Ro`za oyining faqatgina uchinchi kunida aytilib kelingan, – deydi Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Tohir Ro`ziev, – Musulmonlarda birovning eshigini taqillatib yoki pul uchun ramazon aytish uyat hisoblangan. Keng ko`chada odamlar yig`ilishib yosh bolalarga, bolaning aytgani ijobat bo`ladi, deb ramazon qo`shig`ini ayttirishgan va ularning og`izlari shirin bo`lishi uchun shirinlik berishgan.

Hozirgi kunda bolalarning “pul bering” zaylidagi ramazon aytishlari, umuman olganda, musulmonlar odatiga to`g`ri kelmaydigan hodisa-illatdir. Bolaga uqtirib bo`lmaydi deganlaridek, hozirgi yoshlarga ham uqtirib bo`lmayapti. Bularning qilib yurgan ishlari tilanchilikdan boshqa narsa emas, nazarimda.

Axir xalqimiz azal-azaldan tilanchilikdan or qilib kelgan. Hozirgi kunda bizning diyorimizda bir kunlik rizqini topa olmaydigan kishi yo`q bo`lsa kerak. Shunday ekan, bir kunlik rizqi bor kishilarga tilanchilik qilish harom hisoblanadi. Shuning uchun ularga berish ham haromdir. Mabodo shunday paytda ko`nglingiz bo`lmasa “hadya” deb bering.

Azizlar, millatimizga yarashadigan ishlarni qilaylik. Ramazon oddiy qo`shiq emas, u islomiy qo`shiq. Kelasi yilgi muborak oylarga ham eson-omon etaylik va o`sha ramazondagi ezgu tilaklar barchamizga yor bo`lsin!

Dilobar Asliddin qizi

O`z.A.

    Boshqa yangiliklar