O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning ko`rsatmasiga asosan Andijon viloyatida "Har bir oila tadbirkor" shiori ostida imtiyozli kreditlar taqdim etiladi.
Uning shartlariga ko`ra, kreditlar yillik 3 foiz miqdorida belgilanadi. Mikrokreditlar 3 oylik imtiyozli davr bilan birgalikda taqdim etiladi. Shunda jismoniy shaxslar uchun eng kam ish haqining 100 baravarigacha (17 mln so`mdan ortiqroq), davlat ro`yxatidan o`tgan sub`ektlar uchun esa eng kam ish haqining 1000 baravarigacha (172 mln. so`m) miqdorida kreditlar ajratiladi.
Kreditlar ajratish aniq maqsadli bo`lib bunda chorvachilik, quyonchilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilikni rivojlantirish, issiqxonalarni qurish, bog` va tokzorlar barpo etish, urug`liklar, mineral o`g`itlar va o`simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalarini sotib olish, sartaroshlik va kosmetolog xizmatlari, kosibchilik, metall va tunuka buyumlar tayyorlash va ta`mirlash, yog`och va alyuminiy (plastik) profilidan deraza romlar tayyorlash, zargarlik buyumlarini yasash, soatsozlik, transport vositalarini ta`mirlash va ularga texnik xizmat ko`rsatish, hammom va sauna xizmatlari, milliy shirinliklar va qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarish kabi tadbirkorlik faoliyatlari uchun beriladi.
Ma`lumotlarga ko`ra, shu maqsadda Markaziy bankning Andijon viloyat boshqarmasiga 800 mlrd so`m miqdorida mablag` o`tkazilgan. Kreditga bo`lgan talabga qarab yana shuncha miqdordagi summa ajratilishi mumkin.






