1

Firibgarlar telefonini sotish uchun e`lon bergan shaxsni chuv tushirmoqchi bo`lishdi

Jinoyat 29.05.2018, 22:05
 Firibgarlar telefonini sotish uchun e`lon bergan shaxsni chuv tushirmoqchi bo`lishdi

Poytaxtimizning Mirzo Ulug`bek tumanidagi Mirzakalon Ismoiliy mahallasida sayyor sud yig`ilishi o`tkazildi, deb yozadi O`zA.

Unda Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tuman sudi sudyasi Farrux To`raxo`jaev raisligida o`zgalar mulkini firibgarlik bilan talon-taroj qilishni maqsad qilgan A.D. va I.N. qilmishi mahalla fuqarolari ishtirokida ko`rib chiqildi.

A.D. muqaddam sudlanib, 1 yil axloq tuzatish ishiga jalb qilingan edi. Biroq, o`z qilmishi va tayinlangan jazodan to`g`ri xulosa chiqarmadi. Yana jinoyatga qo`l urdi.

U hamtovog`i I.N. bilan jinoiy til biriktirgan holda, fuqaro M.S.ga tegishli “Iphone 8+” rusumli telefon apparatini 7 million so`m evaziga sotib olishini aytadi. So`ngra oldindan tayyorlangan, faqat ustki qismlari 5 ming so`mlik, orasida esa 200 so`mlik kupyuralar bo`lgan pul o`ramlari, jami 370 ming 800 so`mni berib, jabrlanuvchining telefonini qo`lga kiritib, hodisa joyidan g`oyib bo`ladi.

Qing`ir yo`l bilan pul topishga o`rgangan firibgarlar “OLX.UZ” saytida telefonini sotish uchun e`lon bergan D.G.ni ham chuv tushirmoqchi bo`ladi. Firibgarlar telefon narxini 850 AQSh dollariga kelishib oladi. IIB xodimlari taftish o`tkazish vaqtida, ular qo`lga olindi.

Sayyor sudda ular qilgan ishidan pushaymonligini, jabrlanuvchiga etkazilgan zararni to`liq qoplanganini bildirib, engillik berishni so`radi. Jabrlanuvchi M.S. zarar to`liq qoplanganini, sudlanuvchilarga da`vosi yo`qligini, D.G. unga zarar etmagani, sudlanuvchilarga nisbatan da`vosi yo`qligini ma`lum qildi.

Sud dalillar va guvohlar fikrini o`rganib, A.D.ga O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan har oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil, I.N.ga esa xuddi shu tartibda 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1