O`zbekiston sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov AQShning etakchi klinikalaridan biri — Sent-Luis universitetining Ortopedik jarrohlik departamenti rahbari, taniqli mutaxassis, vatandoshimiz Joldas Quljonov bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Muloqot chog`ida O`zbekiston bilan Amerika Qo`shma Shtatlari o`rtasidagi hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotgani, ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning yaqinda ushbu davlatga amalga oshirgan tarixiy tashrifi o`zaro munosabatlarda yangi sahifa ochgani alohida ta`kidlandi.
Mashhur shifokor Yurtboshimizning tibbiyot sohasiga qaratayotgan yuksak e`tibori, xususan, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni aholiga yanada yaqinlashtirish borasida olib borayotgan oqilona siyosatini alohida e`tirof qildi. 2017 yil boshida Prezidentimizning xorijda faoliyat olib borayotgan malakali shifokorlarimizni yurtimizga qaytarish bo`yicha bergan topshiriqlari, shu asosda Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan ko`rilayotgan chora-tadbirlar tufayli yuzga yaqin tibbiyot mutaxassisi O`zbekistonga qaytganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
J.Quljonov, o`z navbatida, ko`plab vatandoshlarimiz qatori mamlakatimiz sog`liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlarga daxldor bo`lish, bilim va tajribasiga tayanib, mamlakatimiz tibbiyoti rivojiga hissa qo`shish, davlatimiz rahbarining ezgu da`vatlariga “labbay” deya javob berishga doimo tayyor ekanini bildirdi.
Shuningdek, J.Quljonov O`zbekistonda mo`ljallagan katta ishlarining boshlanishi sifatida shu yilning 23 iyun – 3 iyul kunlari Sent-Luis va San-Diegodagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlaridagi nufuzli neyroxirurg, neyrofiziolog, urolog, travmatolog-ortoped va boshqa shifokorlar guruhlarining mamlakatimizga tashrifini amalga oshirishini bildirdi.
Ma`lumot uchun: Joldas Quljonov asli nukuslik bo`lib, 1989 yilgacha Nikaraguada va “Paxtakor” futbol klubi shifokori sifatida faoliyat yuritgan. 1989 — 1995 yillarda Toshkent tibbiyot akademiyasi 2-klinikasining travmatologiya va ortopediya bo`limi rahbari bo`lib ishlagan. O`shandan buyon tajribali travmatolog-ortoped Amerika Qo`shma Shtatlarda faoliyat ko`rsatmoqda.
U ayni paytda AQShda yiliga 700 dan ziyod eng murakkab operasiyalarni muvaffaqiyatli o`tkazish bilan birga, universitet klinikasida qator davlatlarning travmatolog-ortopedlariga ta`lim beradi, dunyoning nufuzli tibbiyot markazlarida mahorat darslari olib boradi. J.Quljonov besh marotaba AQShda yilning eng yaxshi shifokorlaridan biri sifatida e`tirof etilgan.






