Bu yo omad, yoki Yaratganning marhamati. Balki oramizda muruvvatli odamlar ko`payyaptimi?
30 yoshda bo`lsam-da, hayotda ko`p qiyinchiliklarni boshimdan kechirdim. Katta orzu-umidlar bilan turmush qurdim. O`sha paytlari baxtim to`kisday edi. Birin-ketin 3 nafar farzandli ham bo`ldik.
Bolalarimiz tug`ilganda quvonsak-da, ularni el qatori boqib, tarbiyalay olamizmi, ular birovlardan kam bo`lib qolmasmikin, degan xavotirga ham tushardik. Negaki, dadasining ham, mening ham na ma`lumotimiz, na bir hunarimiz bor. Buning ustiga, tug`ma yurak porogi bo`lgan turmush o`rtog`imning ahvoli kundan kun yomonlashib boraverdi.

Mana 5 yildirki, asosiy vaqtimiz shifoxonalarda o`tadi, dorilarning kuchi bilan biroz sog`aygandek bo`ladi. Bolalar uyda keksa, dardmand qaynotam qaramog`ida. Ular nima eb, nima ichishyapti? Kiyim-kechaklari tozami? Tashvishlanaman. Qarindoshlar esa uzoqda.
Shifokorlar xulosasiga ko`ra, turmush o`rtog`imning yuragi qancha tez operasiya qilinsa, shuncha yaxshi, aks holda ahvoli og`irlashib boraverar ekan.
Qish yaqinlashaversa, tashvishga tushib qolaman. Uyimiz sovuq, kamiga tomlaridan chakka o`tadi. Ro`zg`orimiz, eb ichishimiz ham shunga yarasha. Qahratonda bolalarimni asrashni, turmush o`rtog`imning dardlariga darmon bo`lishni, biz bilan birga yashaydigan qaynotamning xizmatlarini qilishni chin ko`ngildan xohlayman. Erimning ahvoli yaxshi tomonga o`nglanmadi. Bolalarimning tomog`idan kechib, ro`zg`or kam-ko`stini bir chetga surib, dadasiga dori olamiz. U kishi sog`ayib ketsa, hammasi yaxshi bo`ladi, deb umid qilishdan charchamayman.

Ahvol mushkullashaverdi, xo`jayinimning 206 ming so`mlik nafaqasi va mahalladan beriladigan bolalar puli hech narsaga etmagach, hovlimizning teng yarmini sotishga ham majbur bo`ldik. 5 yil davomida juda ko`p tashkilotlarga murojaat qildik. Hech bo`lmaganda, dadasining nogironligini ikkinchidan 1-guruhga o`tkazib berishlarini iltimos qilib, yozgan murojaatlarimiz e`tiborga olinmadi. Yashash kerak. Farzandlarimiz katta bo`lishyapti, ro`zg`or tashvishlarimiz ham ortyapti...
Orzu-umidlarim birin-ketin so`na boshlagan paytlarda “Iste`molchilar” degan tashkilot borligini (Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Samarqand viloyat hududiy birlashmasi), ular bizga yordam bermoqchi ekanliklarini eshitganimda ishonmadim. Ularga hech murojaat qilmagandim-da. Bir kuni ayol kishi keldi. U shu tashkilotning rahbari Inobat opa Hasanova ekan. Uyimizni zamonaviy qilib, qaytadan qurib berishlarini aytishdi. Ularda “Obod xonadon – yurt ko`rki” loyihasi doirasida har bir viloyatda bittadan kam ta`minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning uylari qaytadan qurib berilayotgan ekan. Samarqand viloyatidan bizni tanlashibdi. Bu yo omad, yoki Yaratganning marhamatimi... Yoki oramizda insofli, muruvvatli va diyonatli kishilar ko`payyaptimi? Bilmadim...

Uyimiz shahar markazidan ancha olisda. Pastdarg`om tumanining Qorag`uppa qishlog`i. Biroz vaqtdan keyin esa, Toshkentdan mehmonlar keldi. Inobat opa “Sizning oilangiz bilan tanishish uchun federasiyamiz raisi (O`zbekiston Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federasiyasi) Jahongir aka Sarimsoqovning shaxsan o`zlari keladilar, degandi. Rost ekan. Poytaxtdan bunday nufuzli mehmonlarning biznikiga kelishi shov-shuv bo`lib ketdi. O`sha kuni mahallamizda to`y ham bo`layotgan edi-da. Juda tez kunlarda hovlimizda katta qurilishlar boshlandi.
Umrimda televizorga chiqmaganman. Bu orada televideniedan ham kelib, hammasini suratga olib ketishdi. Men ham gapirdim, yig`lab-yig`lab. Yuragimda saqlab yurganlarimni to`kib soldim.
Uyimizning deyarli hamma joyi ta`mirtalab edi. Eski devorlar bosib qolay, deydi... tomi, eshik-derazalari, darvozaxona. Opaning o`zlari har kuni kelib, ishlar qanday ketayotgani bilan tanishadi. Ustalarga yo`l-yo`riqlar ko`rsatadi, orada mening ham ko`nglimni ko`tarishga vaqt topadilar. Yana u kishining yordami bilan turmush o`rtog`imga 1-guruh nogironligini ham oldi.
Yana ham quvonchlisi, bu tashkilot mutasaddilari turmush o`rtog`imning Toshkentda bo`ladigan yurak jarrohligi amaliyoti uchun ham yordam beradigan bo`lishdi. Yuqoriga xat jo`natilibdi, javobi kelishi bilan bizga xabar qilisharkan. Hayotimdagi eng katta muammolarim birin-ketin hal bo`lyapti.
Kelajakka ishonaman, har bir kunim uchun shukr qilaman. Yaqinlarim, mahalladoshlarim, butun qishlog`imiz bu yaxshi ishlardan xabardor. Muhimi, farzandlarim yaxshilik qanday bo`lishini yurakdan his qilib ulg`ayishmoqda. Bularning barchasi uchun minnatdorman!
Nargiza Quvonovaning so`zlarini G.Berdiyorova oqqa ko`chirdi.
O`zA






