AsosiyJamiyat

​Sayyoramizning eng shimoliy masjidi. Uning O`zbekistonga qanday aloqasi bor?

'​Sayyoramizning eng shimoliy masjidi. Uning O`zbekistonga qanday aloqasi bor?'ning rasmi

Rossiyaning shimoliy poytaxti nomini olgan Sankt-Peterburgning Kronverk prospektida, Primorskiy metro bekati yaqinida joylashgan moviy gumbazlari va minoralari ko`kka qadalgan sharqona me`moriy obidani ko`rgan har bir o`zbekistonlik mehmon beixtiyor hayratga tushadi. Samarqandu Buxorodagi singari tarixiy obidalarni yodga soluvchi bu inshoot qachon va nima maqsadda qurilgan? Uni kim qurgan? Nega u aynan bizning bobolarimiz qurgan imoratlarni yodga soladi? Keling, shu savollarga bir boshdan javob berishga urinib ko`ramiz.

Bu sharqona uslubdagi go`zal bino 2008 yilgacha Sankt-Peterburgdagi yagona, dunyoning eng shimoliy nuqtadagi masjidi deb qaralgan. Uning moviy gumbazi va minoralari Neva daryosi sohilidan ham bemalol ko`rinib turadi. Yanada hayratlanarlisi, bu gumbaz Samarqanddagi Amir Temur maqbarasining gumbazi bilan deyarli bir xil. Bu o`xshashlik ham bejiz emas, albatta.

Ma`lumki XIX asrning oxirlariga kelib, shaharda musulmonlar soni ancha ortgan bo`lsa-da, shaharda birorta masjid bo`lmagan. Shu bois, ular mablag` to`plashga kirishishadi. Biroq shahardagi ayrim amaldorlar bu ishga jiddiy qarshilik ko`rsatishadi. Zarur mablag` tezlikda yig`ilavermaydi. To`plangan pul hatto masjid qurilishi uchun er sotib olishga ham etmaydi.

Ana shunday paytda Peterburg bilan yaqin aloqalar o`rnatishga urinib kelgan Buxoro amiri Sayid Abdulahadxon bundan xabar topadi va o`z xazinasidan masjid qurilishi uchun er sotib olishga katta miqdorda mablag` ajratadi. Shu tariqa, masjid qurilishi boshlanadi. 1910 yil 3 fevral kuni shaxsan Amir Abdulahadxon ishtirokida masjidning birinchi g`ishti qo`yiladi. Ammo masjid ishga tushirilgan kunni ko`rish amirga nasib etmaydi. U 1910 yilning 26 noyabrida olamdan o`tadi. Masjid qurilishi esa to`xtamaydi. 1913 yilning 22 fevralida masjid tantanali ochiladi. Unda otasining o`rniga taxtga o`tirgan hukmdor, Buxoroning so`nggi amiri Said Olimxon bilan birga Xiva xoni Asfandiyorxon ham ishtirok etgan.Qizig`i shundaki, bugungi mamlakatimiz hududidan joy olganikki qo`shni davlat hukmdorlari faqat ana shu voqea munosabati bilan, aynan Peterburgda uchrashishgan ekan.

Masjid o`zining bir asrdan ko`proq tarixi davomida ko`plab noxush voqealarni boshidan kechirdi. Sovet davrining dahriyona siyosati hukm surgan yillarda shahar ijroiya hokimyati qarori bilan masjid yopib qo`yiladi.

O`tgan asrning oltmishinchi yillarida Indeneziya Prezidenti Doktor Ahmad Sukarno Sankt-Peterburgga qilgan tashrifi asnosida yaqin atrofdagi katta yo`ldan ketayotib, masjid gumbazi va minoralarini ko`rib qoladi. “Bu erda masjid ko`rdim, meni o`sha erga olib boringlar”, deb iltimos qiladi. Ammo sovet rasmiylari oliy martabali mehmonni bu qutlug` dargohga olib borishmaydi. Bundan ranjigan mehmon faqat eng zarur uchrashuvlarnigina o`tkazib, darhol Moskvaga qaytadi. “Sizga Leningrad yoqdimi?” deb so`rashganida, “men bu shaharni ko`rganim yo`q”, deya mujmal javob qaytarib, vataniga qaytib ketgan ekan.

Shahar musulmonlarining qayta-qayta murojaatlaridan so`ng 1974 yilda masjid ularga qaytarib beriladi. Jome masjidi o`tgan davr mobaynida bir necha bor ta`mirlanadi. Bugungi kunda ushbu go`zal inshoot Sankt-Peterburgning noyob tarixiy obidalaridan biri sifatida davlat himoyasiga olingan.

Xabaringiz bor, bu shaharda 6-8 iyun kunlari O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assosiasiyasi bir qator davlat jamoat va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda “O`zbekiston madaniy merosi – xalqlar va madaniyatlar o`rtasida muloqotga yo`l” Ikkinchi Xalqaro Kongressini o`tkazdi. Mazkur Kongress doirasidagi tadbirlar, uchrashuvlar, munozaralar milliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borildi. Kongress dasturidan o`rin olgan xayrli tadbirlardan biri anjuman ishtirokchilarining Sankt-Peterburg jome masjidiga tashrifi bo`ldi.

Mehmonlarni Sankt-Peterburg va Rossiyaning shimoli-g`arbiy hududi musulmonlari idorasi raisi, mazkur masjidning imom xatibi Ravil hazrat Pancheev kutib oldi. Mazkur masjidning yaratilishi tarixi haqida hikoya qilib berdi.

— O`zbekiston men uchun juda aziz va mukarram zamin, – dedi Ravil hazrat Pancheev. — Chunki bu qadim yurtda dinimiz rivoji uchun xizmat qilgan juda ko`p buyuk zotlar, olimu allomalar etishib chiqqan. Marhum otam, Rossiyanig mashhur ulamolaridan bo`lgan Ja`far hazrat Pancheev avval Buxorodagi Mir Arab madrasasida, keyin Toshkent islom universitetida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bilanbirga tahsil olganlar. Har gal O`zbekistonga borsam, u erdan allaqanday ilohiy kuch-qudrat, nur, ilhom olib qaytaman. Bu gal ham shahrimizda O`zbekiston madaniy merosiga bag`ishlangan yirik anjuman o`tayotganidan juda mamnunman. Chunki bu ulkan ma`naviy meros nainkiO`zbekiston, balki barcha musulmonlarning hamfaxru iftixoridir.

Hazratning aytishicha, jome o`z bag`riga 3500 dan ortiq namozxonni sig`dira oladi. Ammo juma va hayit namozlarida masjidning hovlisi to`lib, uning atrofi ham namozxonlar bilan to`lib ketadi. O`sha paytlarda atrofdagi ko`chalar bir necha soat yopiladi. Masjidga keluvchilarning etnik tarkibida o`zbeklar birinchi o`rinda turadi. Shu bois bo`lsa kerak, hazratning tatarcha lahjada o`zbek tilida ravon gapirishi bizni hayratga soldi.

Masjidning ikkinchi qavatida ayollar ham namoz o`qishi mumkin. Namozgoh shiftida Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn affon, Ali ibn Abu Tolib va ul zotning ikki o`g`illari imom Hasan va imom Husaynlarning muborak ismlari bitilgan. Mehrobda Oyat al-kursiy suls xatida aks ettirilgan.

Tashrif asnosida O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari assosiasiyasi raisi Firdavs Abduxoliqov VIII asrga mansub “Katta Langar Qur`oni”ning zamonaviy poligrafiya uslubida chiqarilgan faksimile nusxasi va “O`zbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumidan chiqarilgan kitob albomlarni jome`-masjidiga topshirdi.

    Boshqa yangiliklar