Majburiy ijro byurosi xizmati yo`lga qo`yilgandan buyon Qoraqalpog`iston Respublikasida elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvidan jami 559 milliard so`m, ijro hujjatlari bo`yicha 782 milliard so`m, 11 oy yakuniga ko`ra, jami 1 trillion 341 milliard so`m undirilgan.
Bu haqida Nukus shahrida O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog`iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan yig`ilishda ma`lum qilindi, deb xabar bermoqda O`zA.
Tadbirda majburiy ijro byurosi Qoraqalpog`iston Respublikasi boshqarmasi, tuman va shahar bo`limlari tomonidan bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar har tomonloma tahlil qilinib, tabiiy gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi bo`yicha qarzdorlikni undirish holati, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijro etilishi jarayoni tanqidiy muhokama qilindi.
Sohada yo`l qo`yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha o`z vaqtida choralar ko`rish, byuro xodimlarining tartib-intizomga rioya etishi, ularning xavfsizligini ta`minlash masalalari, berilgan topshiriqlarning so`zsiz ijrosi bo`yicha vazifalar belgilandi.
Tadbirda byuro tizimiga ilk bor ishga qabul qilingan 39 nafar xodimning qasamyod qabul qilish marosimi o`tkazildi. O`z xizmat vazifasiga mas`uliyat bilan yondashayotgan fidoyi va talabchan 12 nafar xodimga bir marotaba beriladigan pul mukofoti, 20 nafar xodimga Boshqarma boshlig`ining tashakkurnomasi topshirildi.