Termizda buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo`nonboev ijodiga bag`ishlab “Ezgulik va do`stlik kuychisi” mavzuida adabiy kecha o`tkazildi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Prezidentimizning 2018 yil 13 martdagi “Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo`nonboev ijodiy merosini keng o`rganish va targ`ib qilish to`g`risida”gi qarori ijrosi doirasida Adib Sobir Termiziy nomidagi Surxondaryo viloyati axborot-kutubxona markazi hamda viloyat ko`zi ojizlar kutubxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda shoir-yozuvchilar, olimlar, adabiyot ixlosmandlari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
O`zbek va qozoq xalqlari azaldan yon qo`shni va og`a-ini bo`lib, ahil-inoq yashab kelmoqda. Ikki qardosh xalq o`rtasidagi azaliy do`stlik va adabiy aloqalar mustahkamligida Abay ijodining o`ziga xos o`rni bor. Chin insoniylik, mehr-oqibat, do`stlik va totuvlik kabi ulug` fazilatlar keng tarannum etilgan asarlari o`zbek kitobxonlari tomonidan sevib mutolaa qilinmoqda. Buyuk mutafakkirning qalblardan chuqur joy olgan xalqona tildagi “O`lanlari” teran mazmuni va jozibadorligi bilan kitobxonni o`ziga maftun etadi.
– Bugungi globallashuv davrida yoshlarimizning Abay ijodiga katta qiziqish bildirayotgani quvonarlidir, – deydi Adib Sobir Termiziy nomidagi Surxondaryo viloyati axborot-kutubxona markazi rahbari M.Abdushukurov. – Zotan, buyuk qozoq mutafakkirining xalqona uslubdagi serqirra ijodi yoshlarni Vatanga muhabbat, azaliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etayotir. Ulug` shoir asarlarini targ`ib etishga bag`ishlangan tadbirlarda, ayniqsa, talaba-yoshlarning faol ishtirok etayotgani bunga yaqqol misoldir.
Adabiy kechada Termiz davlat universiteti talabalari shoir she`rlaridan o`qidi.






