O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasidan ma`lum qilishicha, joriy yil 20-26 iyun kunlari Farg`ona vodiysining to`rtta – Namangan, Andijon, Farg`ona va Qo`qon shaharlarida “Open Air – Oltin Vodiy” konsertlari bo`lib o`tadi.
Ushbu o`ziga xos musiqiy loyiha "Sothis Aegis" kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. "Open Air" – dunyoning ko`plab mamlakatlarida ommalashgan, biroq bizning mintaqamiz uchun yangi va noan`anaviy bo`lgan ochiq osmon ostidagi konsertni anglatadi. Bu turli uslubdagi musiqadan bahramand bo`lish, tabiat va san`at uyg`unligini his etish imkoniyatidir.
Loyihadan ko`zlangan asosiy maqsad konsertda jahon va o`zbek mumtoz musiqasining durdona asarlari, mashhur ashula va kuylarning yangi talqinini taqdim etgan holda, mumtoz musiqa va jonli ijroni qadrlovchilar doirasini yanada kengaytirishdir.
"Open Air" konsertlari, taniqli ijrochilar bilan uchrashuvlar hamda yangi iste`dodlar bilan tanishuvlar degani hamdir. Konsertlarda klassik asarlar, mashhur romantik kuylar, opera musiqasi va filmlarda ijro etilgan kuylar, noyob raqs kompozisiyalari, hajviy chiqishlar namoyish etiladi, kutilmagan sovg`alar ulashiladi.
“Open Air – Oltin Vodiy” konsertlarida O`zbekiston milliy simfonik orkestri, taniqli va yosh san`atkorlar o`z ijodi bilan tomoshabinlarni xushnud etadi.
Konsertlar Namangandagi Navoiy nomidagi viloyat musiqali drama va komediya teatri, Andijondagi “Andijon Registoni” konsert saroyi, Farg`onadagi Islom Karimov nomidagi teatr-konsert saroyi ro`parasidagi hamda Qo`qondagi Xudoyorxon saroyi oldidagi maydonda bo`lib o`tadi. Sahnalar katta ekranlar, zarur yoritish uskunalari bilan jihozlanadi va kecha mavzusiga monand bezatiladi.
Konsert dasturi tadbirlar o`tkaziladigan hududlarning o`ziga xos jihatlarini hisobga olgan holda qiziqarli va rang-barang tarzda ishlab chiqilgan. Tadbirda Pyotr Chaykovskiyning “Shelkunchik” va “Lebedinoe ozero” baletlari, V.A.Mosartning “Sehrli nay” operasi, Enmark Salixovning “Umid” asaridan parchalar, “Mahallada duv-duv gap”, “Maftuningman”, “Chinor ostidagi duel” kabi mashhur kinofilmlardan saundtreklar, Botir Zokirov, Muslim Magomaev repertuaridan qo`shiqlar, Sharif Ramazonovning “Namanganning olmasi” ashulalari yangraydi, “Andijon polkasi”, “Xorazm lazgisi” kabi xalq raqslari ijro etiladi. O`zbekiston xalq artisti Ismoil Jalilov, taniqli xonanda Xurshid Inog`omov, Shirin Mamatova, Oqilbek Piyazov, Damir Rahmonov, Milena Matmusaeva, Olimboy Karimboev, Abdulla Shirinov va “Grand Voice” guruhi o`z ijod namunalari bilan tomoshabinlarni xushnud etadi.
12.06.2018 21:44
Farg`ona vodiysida ochiq osmon ostida konsertlar bo`lib o`tadi






