AsosiyJamiyat

9443 Andijonda kasblar festivali o`tkazildi

' 9443 Andijonda kasblar festivali o`tkazildi'ning rasmi

Andijon olimpiya zaxiralari kollejida “Kasb-hunar va tadbirkorlik bilan kelajak sari” shiori ostida kasblar festivali o`tkazildi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Viloyat hokimligi, prokuraturasi, ichki ishlar va o`rta maxsus kasb-hunar ta`limi boshqarmalari hamkorligida o`tkazilgan tadbirda ish beruvchi korxona-tashkilot va muassasalar, bank vakillari, ota-onalar hamda viloyatdagi 117 kasb-hunar kollejining 3 ming 500 dan ortiq bitiruvchisi ishtirok etdi.

Prezidentimizning shu yil 19-20 may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari hamda joriy yil 7 iyunda qabul qilingan “Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash, kasb-hunar kolleji bitiruvchilarining kelgusi faoliyatini tadbirkorlikka yo`naltirish maqsadida tashkil etilgan kasblar festivalida mamlakatimizda yoshlarning puxta bilim olishi va o`zlari tanlagan kasb-hunarni egallashi, iqtidor va salohiyatini to`laqonli yuzaga chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratilgani ta`kidlandi.

1.jpg

Kollej bitiruvchilari tomonidan o`zlari egallagan 100 dan ortiq ixtisoslik va kasblar bo`yicha ko`rgazmalar tashkil etildi. Ayniqsa, kasb-hunar kollejlari o`qituvchi va o`quvchilari tomonidan yaratilgan innovasion qurilmalar, harakatli maketlar va texnika ijodkorligi mahsulotlari, eng yaxshi biznes-rejalar, payvand-konstruksiyalar, duradgorlik va pol yotqizish, qurilish va pardozlash ishlari, kulolchilik hamda haykaltaroshlik yo`nalishlaridagi ijodiy ishlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg`otdi.

Festivalda 2017/2018 o`quv yilidan boshlab 70 kasb-hunar kollejida umumta`lim maktablarining 10-sinf o`quvchilari uchun tashkil etilgan o`quv-ishlab chiqarish korxonalari faoliyati, 48 kasb bo`yicha ana shu korxonalarni tamomlayotgan o`quvchilar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar namoyish etildi. Shuningdek, "Andijonda har bir oila tadbirkor" shiori ostida tushuntirish ishlari olib borildi. Korxonalar tomonidan bitiruvchilarga bo`sh ish o`rinlari taklif etildi, mutaxassislar ularga tadbirkorlik faoliyatini boshlash, imtiyozli kredit olish tartibi xususida ma`lumot berdi.

Sportchi o`quvchilarning ko`rgazmali chiqishlari, ta`lim muassasalari qoshidagi badiiy jamoalarning dasturlari tadbirga bayramona kayfiyat bag`ishladi.

    Boshqa yangiliklar