1

Ehson qutilarni tunagan o`g`ri ushlandi

Jinoyat 13.06.2018, 09:50
Ehson qutilarni tunagan o`g`ri ushlandi

Qabristondagi ehson qutisidan pul o`margan insonni eshitganmisiz? Yoki qarindoshinikiga mehmonga borib, uyini tunagan kimsani-chi?

Bu savollardan yurtdoshlarimiz ajablanishi, yana ham aniqroq aytadigan bo`lsak, quloqlariga ishonmay, biroz shoshib qolishi shubhasiz. Afsuski, hayotda ana shunday voqea, hodisalar ham sodir bo`lib turar ekan.

Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi Oqmachit mahallasida yashovchi Qo`ziboy To`xliev (ism-sharif o`zgartirildi) 32 yoshida mumay pul topishning turli yo`llarini xayolidan o`tkazdi. Nihoyat qabristonlarga o`rnatilgan ehson qutilaridagi pullarni o`marib, turmush kechirmoqchi bo`ldi. Shu maqsadda o`tgan yil may oyida Toshkent shahri Chilonzor tumanining Bo`ta buva qabristonidagi ehson qutilariga tashlangan pullarni o`g`rilab, jinoiy javobgarlikdan qochdi. Shundan so`ng jinoyat ishlari bo`yicha Uzun tumani sudi tomonidan unga nisbatan qidiruv e`lon qilindi.

Buni qarangki, bir yildan buyon qidiruvda bo`lgan Qo`ziboy uzoqqa qochib ketolmagan ekan. U Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi, Milliy gvardiya va boshqa davlat, jamoat tashkilotlari hamkorligida tezkor vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholining osoyishta, farovon turmushini ta`minlash maqsadida Jarqo`rg`on tumanida o`tkazilayotgan maxsus tadbir chog`ida tumshug`idan ilindi.

Yana bir holat, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatidan xabar qilishlaricha, joriy yilning mart oyida Qiziriq tumani Zarobod mahallasida yashovchi Shoqosim Tolliev Sho`rchi tumanidagi Bobotog` mahallasida yashovchi qarindoshi Nodir Ro`zievning uyiga mehmonga keladi. Qarasaki, uyda hech kim yo`q. Fursatdan foydalanib, u yotoqxonadagi sandiqni ochadi. O`ylab-netib o`tirmay 6 dona “Nokia” rusumli qo`l telefoni, bitta TV-tuner, bir juft ovoz kuchaytirgich moslamasi, 1 dona sochga surtiladigan gel va 80 ming so`m pulini o`g`irlab, juftakni rostlaydi. Jinoiy javobgarlikdan qochib yurgan 31 yoshdagi Shoqosim ham Jarqo`rg`on tumanida qo`lga tushdi.

Ayni paytda mazkur holatlar yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deb yozmoqda O`zA.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1