Ko`p yillar dini islom uchun, ma`rifat uchun xizmat qilib kelgan taniqli ulamo, Toshkent shahar bosh imom-xatibi ustozimiz Anvar qori Tursunov foniy dunyodan boqiy dunyoga rihlat qildilar.
Janoza namozi bugun, 13 iyun kuni ustozimiz o`zlari imom-xatib bo`lib faoliyat yuritgan “Minor” jome masjidida Asr namozidan so`ng ado etiladi. Bu haqda O`zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati ma`lum qildi.
O`lim haq. Alloh taoloning irodasiga itoat etamiz. Ustozimiz hayotlarida ko`p mashaqqatlar, sinovlarni boshlaridan o`tkazdilar. Biroq, Parvardigorimiz ato etgan yuksak iroda bilan, sabr bilan butun umrlari davomida islomga, millat ma`naviyatining o`sishiga, ma`rifatga, kitobxonlik va mutolaaga, ayniqsa yosh avlod tarbiyasiga xizmat qilishdan charchamadilar. O`zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, ulamolar, imom-xatiblar va mudarrislar Anvar qori Tursunovning oila a`zolariga, yaqinlariga chuqur ta`ziya izhor etib, Allohdan bu og`ir judolik paytida barchaga sabr so`rab qoladi. Alloh taolo ustiozimizning dinimiz rivoji yo`lidagi fidokorona xizmatlari, qilib o`tgan barcha ezgu amallari ajrini oxiratda O`ziga ma`lum adadlarda ko`paytirib bersin, jannatlari ila mukofotlasin.
Ustozimizning qoldirgan ilmiy meroslari, va`zu irshodlari, mav`izai hasanalaridan xalqimiz ko`p yillar manfaatdor bo`lishini muyassar aylasin. Ustozimizning oxiratlari obod bo`lsin.






