AsosiyJamiyat

Islom Karimov fondi Anvar qori Tursunov vafoti munosabati bilan ta`ziya bildirdi

'Islom Karimov fondi Anvar qori Tursunov vafoti munosabati bilan ta`ziya bildirdi'ning rasmi

Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi facebook’dagi sahifasida Anvar qori Tursunovning vafoti munosabati bilan ta`ziya bildirdi va atoqli ulamo hayoti va faoliyatiga to`xtaldi.

"Yurtimizning atoqli ulamolaridan biri sanalgan Anvar qori Tursunov qariyb 20 yil Toshkent shahri bosh imom-xatibi vazifasida xizmat qilib, ma`naviy-ma`rifiy soha ravnaqiga katta hissa qo`shdi. Bu ziyoli inson zabardast ulamo sifatida salmoqli diniy-ma`rifiy kitoblar bitdi, ahli sunna val-jamoa e`tiqodi sofligini saqlash yo`lida jonbozlik ko`rsatdi, Qur`oni karimning ona tilimizdagi ilk nashriga (shayx Alouddin Mansur tarjimasi) muharrirlik qildi, nufuzli xalqaro anjumanlarda ma`ruzalar so`zladi; mohir tarjimon sifatida islom olamidagi mashhur mufassirlardan biri Ali ibn Ahmad Naysoburiyning “Asbobun nuzul” (Oyatlarning nozil bo`lish sabablari) singari mo``tabar kitoblarni o`zbek tiliga o`girdi; mohir voiz sifatida sermazmun mav`izalari bilan minglab yurtdoshlarimiz qalbidan o`rin oldi; zukko adabiyotshunos sifatida navoiyshunoslik va tasavvuf ilmi haqida o`nlab maqolalar yozdi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ham Anvar qori Tursunovga alohida mehr qo`ygan edilar. Zabardast ulamo ko`p bora Birinchi Prezidentimiz bilan hamsuhbat bo`lgan. 2009 yilda to`g`ri yo`ldan adashgan kimsalar elimiz ardog`idagi imomga suiqasd uyushtirib, u kishi og`ir xasta bo`lib yotib qoldi. Imom-xatibning keyinchalik hikoya qilishicha, o`sha kezlar Islom Karimov u kishini yaqindan qo`llab-quvvatlab, ulkan ko`mak va dalda berganlar. Bu ikki insonni samimiy hurmat, ona Vatanga muhabbat, millatparvarlik kabi fazilatlar birlashtirib turgan, desak xato bo`lmaydi.

Anvar qori marhum Yurtboshimizning milliy o`zlikni anglash, muqaddas dinimiz sofligini asrash, ulug` allomalarimizning xoki yotgan maskanlarni muqaddas ziyoratgohlarga aylantirish, ularning mustabid tuzum davrida taqiq va ta`qibga uchragan boy ilmiy-ma`naviy merosini tiklash, yurtimizdagi masjid va madrasalarni obod qilish yo`lidagi xayrli ishlarini zo`r mamnuniyat ila qabul qilgan, ularda bevosita qatnashgan edi. Xususan, Islom Karimov g`oya va takliflari asosida Toshkentda qad rostlagan muazzam “Minor” masjidi qurilishi jarayonida ham Anvar qori Tursunov faol ishtirok etgandi. Atoqli imom yozgan xotirasida Birinchi Prezidentimiz masjid qurilishining boshidan oxiriga qadar me`mor va ustalarga qimmatli tavsiya va ko`rsatmalar berib borganlarini yodga olgan, marhum Yurtboshimizni “Olloh taolo ato etgan noyob iqtidor, tafakkur va salohiyatga ega zot”, deya ta`riflagan edi.

Islom Karimov ahvollari og`irlashgan kezlarda imom-xatibimiz “Minor” masjidining bir necha qorisi bilan kelib, 12 soat mobaynida Qur`oni karim suralarini tilovat qilishgan edi. Islom Karimov omonatlarini topshirib, boqiy dunyoga rixlat qilganlarida ham Anvar qori u kishining yonlarida bo`lganlar. O`sha pallada imom-xatib Birinchi Prezidentimizning mayitini u kishi xush ko`rgan jannat gullari – rayhonlarga burkagan edi va qorilar bilan tongga qadar Qur`on o`qib chiqqanlar.

Anvar qori Birinchi Prezidentimizning jasadlarini yuvishda qatnashgani ham tasodif emas. Imom-xatib keyinchalik Islom Karimovning yuzlarida tabassum zuhur etgani, yuvish chog`ida esa qoshlari qalinlashib, yuzlari yorishib ketganini so`zlab bergan edilar.

Inna lillahi va inna ilayhi rajiun.
Mehribon Alloh taolo Anvar qorining dinimiz rivoji yo`lidagi barcha solih amallarini qabul aylashini, oxiratlarini obod qilishini so`raymiz. Joylari jannatdan bo`lsin".

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar