AsosiyJamiyat

​Orol oqibatlarini yumshatish yo`lida... Xalqaro anjuman tafsilotlari

'​Orol oqibatlarini yumshatish yo`lida... Xalqaro anjuman tafsilotlari'ning rasmi

Orol oqibatlarini yumshatish yo`lida... Xalqaro anjuman tafsilotlari

Poytaxtimizda “Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish bo`yicha hamkorlikdagi harakatlar: yangicha yondashuvlar, innovasion echimlar va investisiyalar” mavzuida xalqaro anjuman bo`lib o`tdi.

Tadbir O`zbekiston Ekologik harakati, Innovasion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi asosiy tashkilotchiligida hamda Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasi, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi, BMT Taraqqiyot dasturi, YuNESKO, Jahon banki va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) O`zbekistondagi vakolatxonalari, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori (EXHT) va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.

Unda o`zbekistonlik va xorijiy mutaxassislar, ekspert-olimlar Orolbo`yidagi ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan loyihalarga investisiya kiritishdan manfaatdor bo`lgan xorijiy kompaniyalar, xalqaro tashkilotlar, etakchi moliya institutlari vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari qatnashdi.

Anjuman doirasida ishtirokchilar Orolbo`yida bo`lib, vaziyat bilan bevosita tanishdi.

H.Tolipov, O`zbekiston O`rmon xo`jaligi davlat qo`mitasi boshqarma boshlig`i:

– Mamlakatimizda Orol fojiasining Orolbo`yi aholisi salomatligi va atrof-muhitiga salbiy ta`sirini yumshatish borasida muhim ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Muammo ko`lami mintaqa ekotizimlarini tiklash va barqaror rivojlanishga erishishga qaratilgan sa`y-harakatlarga keng jamoatchilik e`tiborini jalb etishni talab qiladi. Orolbo`yidagi ekologik muhitni barqarorlashtirishning eng qulay va arzon usuli – bu o`rmonzorlar barpo qilishdir. Dengizning qurigan qismi 5,5 million gektar bo`lsa, shundan 3,5 millioni bizning hududimizga to`g`ri keladi. Uning 2 million gektarini o`rmonzorga aylantirishga erishsak, vaziyat ancha yaxshilanadi. Buning uchun esa har yili 100 ming gektar maydonni o`rmonga aylantirish chorasini ko`rish zarur. Agar shu tarzda jadal harakat qilib, dengizning qurigan qismi yashillik bilan o`ralsa, 15-20 yil orasida bu muammo xavfini bartaraf etishga erishishimiz mumkin. O`tkazilayotgan anjuman shu jihatdan amaliy qimmatga egaki, unda bildirilgan taklif, g`oyalar va investisiyalar Orolbo`yi hududining iqlimini barqarorlashtirishga qaratilganidadir.

Ali Ihsan Chag`lar, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining (TIKA) O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari:

– Orolbo`yidagi ekologik muhitni yaxshilash uchun tashkilotimiz 2014 yil 10 million dollar mablag` ajratgan. Bu yilgi rejalarimiz ham ulkan. Yiliga 3 ming gektar maydonga saksovul ekish taklifini ilgari surganmiz. Bugungi anjumanda bildirilgan fikr-mulohaza va takliflar Orolbo`yi ekologiyasini yaxshilash va aholisiga qulayliklar yaratishga xizmat qiladi, degan umiddaman.

Jon Mak Gregor, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O`zbekistondagi loyihalari koordinatori:

– Orol dengizining qurib qolishi nafaqat O`zbekiston, Markaziy Osiyo balki butun dunyoga ta`sir etishini unutmasligimiz kerak. Ana shuni his qilgan holda biz bugungi tadbirda ishtirok etishdan xursandmiz. E`tiborli jihati O`zbekistonda qabul qilingan Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar bizning ham maqsadlarimizga mos tushmoqda. Zero, bizda ham unda ko`rsatib o`tilgan vazifalar borasida tegishli majburiyatlarimiz bor.

Xerat Mantritilake, Xalqaro suvni boshqarish institutining Shri Lankadagi bosh rahbari:

– Bizning fikrimizcha, Markaziy Osiyoda yaxshi imkoniyatlar bor. O`zbekistonning bu borada o`ziga xos g`oyalari, qarashlari va innovasion takliflarini qo`llab-quvvatlaymiz. Bu borada ko`maklashish maqsadida biz ham Farg`ona, Andijon va Surxondaryo kabi Amudaryo, Sirdaryo bo`ylab joylashgan viloyatlarda tomchilatib, yomg`irlatib sug`orish usullarini tatbiq etish loyihasini olib boryapmiz. Maqsad suvni tejash orqali Orolga ko`proq suv etib borishini ta`minlash. Shuningdek, aholini sifatli qishloq xo`jaligi mahsulotlari bilan ta`minlash.

Konferensiya ishtirokchilari Orol muammosi jahon hamjamiyatining global masalalaridan biriga aylanib borayotganini tan olishdi. Orolning qurishi keyingi 50 yildan buyon Markaziy Osiyo mintaqasi uchun keng ko`lamli ekologik va ijtimoiy salbiy oqibatlar olib kelmoqda.

MOXEF-2018 Ma`lumotlar markazi va O`zA ma`lumotlaridan foydalanildi

    Boshqa yangiliklar