1

Andijonda bolalarni qiynoqqa solib kelgan o`gay onaga jazo tayinlandi

Jinoyat 26.06.2018, 10:11
Andijonda bolalarni qiynoqqa solib kelgan o`gay onaga jazo tayinlandi

Xalqimiz ayolni kelajak yaratuvchilarining tarbiyachisi, mehribon ona, sadoqatli umr yo`ldoshi va jamiyatda o`z mavqeiga ega faol inson sifatida hurmat qiladi va e`zozlaydi. Lekin ba`zi ayollarning o`z sha`niga nomunosib tarzda jinoyatga qo`l urayotganligi achinarli bo`lsa ham, achchiq haqiqatdir.

Andijonlik Nargiza Hamidova (ismi familiyasi o`zgartirilgan) ham jinoyatga qo`l urdi. Guldek farzandlarga mehr berish, tarbiyalash o`rniga ularni surunkali ravishda qiynoqqa solib keldi.

N. Hamidova 2011 yilning boshidan 2017 yil 26 iyun kuniga qadar bo`lgan vaqt davomida Farg`ona shahrida yashab kelib, o`zi bilan birga yashovchi o`gay farzandlari bo`lmish 2004 va 2007 yilda tug`ilgan voyaga etmagan Gulnoza va Shohruxga ruhiy va jismoniy azob berib kelgan. Ularni ojiz ahvolda ekanligini bila turib, hech bir aniq sababsiz, haqorat qilib, kechalari uyqu bermasdan muttasil ravishda kamar, sim, yog`och buyum va boshqa narsa-buyumlar, shuningdek, qo`l-oyoqlari bilan badanini turli joylariga urib, sochlarini yulib, do`pposlab, tan jarohatlari etkazib kelganini nima deyish mumkin? Axir qay ona ana shunday qabih ishga qo`l uradi?

Alohida yashayotgan bu oiladagi salbiy holatlar Gulnozaning o`gay onadan kaltak eb, yig`lab buvisining uyiga borganida ayon bo`ldi. Nevarasining badanida ko`karish va jarohatlar bor edi... Mazkur holat yuzasidan o`tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko`ra, o`gay onaning qilmishi fosh bo`ldi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona shahar sudi Farg`ona shahar “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig`inida bo`lib o`tgan ochiq sayyor sud majlisida mazkur ishni ko`rib chiqdi. Sud majlisida sudlanuvchi, jabrlanuvchining qonuniy vakili va guvohlarning ko`rsatmalari tinglandi.

– Farzand tarbiyasiga hech qachon befarq qarab bo`lmaydi, – deydi sudya A. Inamov. – Ayniqsa, mana bunday holatlarni uchrashi esa barcha uchun saboq bo`lishi kerak. Axir voyaga etmagan bunday norasidalarni qiynoqqa solish ayol uchun, ona uchun aslo yarashmaydi. Shuning uchun ham biz ochiq sud majlisida keng jamoatchilik ishtirokida bu ishni ko`rib chiqdik.

Sud N. Hamidovaga O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 110-moddasi 2-qismining «a,v» bandlari bilan ish haqining yigirma foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 (ikki) yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.

Ma`sudjon Sulaymonov, O`zA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1