1

Farg`onada zo`ravonlar ustidan hukm o`qildi

Jinoyat 17.07.2018, 16:51
Farg`onada zo`ravonlar ustidan hukm o`qildi

Tun og`ushida qishning sovug`i yanada ko`proq bilinib ketdi. Farg`ona viloyati Toshloq tumanining Besholish dahasida joylashgan dala hovlidagi jimjitlikni ikki kishining kulgisi buzadi.

Irodaning uyali telefoni jiringlayvergach, "oshiq-ma`shuq"larning xayoli bo`lindi. Qo`ng`iroq egasi ayolning ilgarigi tanishlaridan biri Nozim ekan.

Telefondagi bir-ikki daqiqalik suhbat ko`p o`tmay jiddiy tus oldi. Bunga Irodaning yonida turgan erkakning ovozi sabab bo`ldi.

– Yoningdagi kim? – deb so`radi Nozim ayoldan.

Iroda savoldan shoshib qoldi shekilli qo`l telefonidagi aloqani darrov o`chirdi. Nozimga eshitilgan ovoz Rustam Yusupovga tegishli edi. Ilgaridan uni tanigan Nozim telefondagi ismlar ro`yxatidan Rustamning raqamini topdi. Bu galgi qo`ng`iroq erkaklar orasidagi tortishuvga aylanib ketdi. Kurakda turmaydigan haqorat so`zlari yangradi.

– Hozir qaerdasan? – dag`dag`a qildi Rustam uning manzilini so`rarkan.

– Sen o`zing qaerdasan, – deb jahl otiga mindi Nozim ham bo`sh kelmay.

– Bu erlarni topa olmaysan, kutib tur, men o`zim sening yoningga boraman!

Ko`p o`tmay Nozimning Farg`ona shahridagi yashash manziliga “Lasetti” avtomashinasi etib keldi. Undan birin-ketin tushib kelgan “ko`cha xo`jayinlari”, Rustamning hamtovoqlari – Doston Azimov, Mansur Mo`minov, Farhod Millaboevlar edi. Rustamdan uni olib kelish haqida tegishli ko`rsatma olgan korchalonlar Nozimning mahallasida “hunarlari”ni ko`rsatdi. Jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimasdan Nozimni do`pposlashdi. Bu bilan qanoatlanmagan bezorilar Nozimni mashina yukxonasiga majburlab "joylab", Besholishdagi dala hovliga yo`l olishadi. Bu holatlarning barchasi shu hududda joylashgan do`kondagi kuzatuv kamerasiga muhrlanib qoldi...

Rustamning topshirig`i yakuniga etganida dala hovlini allaqanday bezovtalik qopladi. Rustam qarshisidagi raqibidan nimaga haqorat qilganining so`rog`ini olib boravergach, Nozim G`ofurov hushini yo`qotayozdi. Nozimning qat`iyati uning g`azabini battar qo`zg`adi. Oshxona pichog`ini olib chiqib Nozimning bo`g`ziga tirab, hatto o`ldirib yuborish bilan qo`rqitdi. O`lib ketsa ishlar bir yilga qolmay bosti-bosti bo`lib ketishini mag`rurlik bilan ta`kidlar chog`i Rustamning qo`lidagi sovuq qurol Nozimning bo`ynini tilib yubordi.

Nozim engilishga majbur bo`ldi. Zotan uning ro`parasida har qanday yovuzlikka tayyor jinoiy guruh shay bo`lib turardi. Yosh umriga bir zumda hukm o`qilishidan cho`chib ularning talablarini bajarishdan qaytmadi. Dala hovlidan qaytarkan Nozim kasalxonaga borgach yiqilib shu ahvolga tushganini aytishi zarur edi. Rustamning bu tayinlov gapi jinoiy ish ochilmasligi uchun edi.

Sud-tibbiy ekspertizasining 2017 yil 18 dekabrdagi xulosasiga ko`ra, N.G`ofurovda o`sha kungi olishuvlardan keyin bosh ensa sohasida lat egan yara, chap va o`ng chakka sohalaridagi yumshoq to`qimalarning lat eyishi, ikki quloq supralari va ortidagi qontalash va yana shu kabi bir qator shikastlanishlar vujudga kelgan edi. Sudlanuvchilar va guvohlarning ko`rsatmalari, ashyoviy dalillar, shuningdek, kuzatuv kamerasidagi tasvirlar tufayli oldindan til biriktirgan jinoiy guruh qilmishlari o`z isbotini topdi.

Sudlanuvchilar kelishilgan holda odam o`g`irlash, jamiyatda o`rnatilgan yurish-turish qoidalarini mensimagan holda urish-do`pposlash jinoyatlarini qasddan sodir etgan. Jinoyat ishlari bo`yicha Qo`shtepa tuman sudi Rustam Yusupovni 6 yilu 6 oy muddatga, Doston Azimov hamda Mansur Mo`minovni 5 yilu 6 oy muddatga, Farhod Millaboevni 5 yilu 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish to`g`risida hukm chiqardi.

Biz tartibli, qonun-qoidalarga asoslangan jamiyatda yashaymiz. Inson degan martabani ko`targan har bir shaxs ana shu tartib-taomillarga amal qilishi shart. Zero, inson erkiga hech kim hukmronlik qilolmaydi. Bunga qonun yo`l qo`ymaydi. Qonunni mensimas ekan u kim bo`lishidan qat`iy nazar tegishli jazoga, jamiyat nafratiga loyiq. Yuqoridagi holatlardan yurtdoshlarimiz tegishli xulosa chiqarishlarini istar edik.

Shavkatjon Shamshiev,

Jinoyat ishlari bo`yicha Qo`shtepa tumani sudi raisi

O`zA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1