O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev tomonidan 2018-yil 27-iyulda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish to`g`risida videoselektor o`tkazilgan edi.
Mazkur selektorda bajarilishi lozim bo`lgan bir qator dolzarb vazifalar belgilab berildi.
Videoselektorda ko`ndalang qo`yilgan topshiriqlarning ijrosini ta`minlash maqsadida joriy yilning 16-avgust kuni soat 15:00 da O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida «Yangicha tizim tashkil etilmoqda – Jinoyat haqiqati va adolati» mavzusidagi navbatdagi yoshlar press-klubi bo`lib o`tdi.

Press-klubda jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir qilgan, jazo muddatini o`tayotgan, o`z joniga qasd qilishga uringan yoshlar hamda «Yoshlar kafilligi» asosida sud zalidan ozod qilinib, engil jazo tayinlangan va O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni asosida afv etilgan yoshlar bilan yakka tartibda ishlash maqsadida yangi mexanizm yaratish ustida muhokama olib borildi.
Sessiyada O`zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik, Xotin-qizlar qo`mitasi raisi o`rinbosari Mukarram Nurmatova, O`zbekiston musulmonlar idorasi raisi o`rinbosari Abdulaziz Mansurov, IIV HPBB bo`lim boshlig`i Islomiddin Xalikov kabi spikerlar ishtirok etishdi.

Spikerlar jinoyatchilikni oldini olish, yoshlar o`rtasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni kamaytirish, ularning ongiga huquqiy bilim va ko`nikmalarni singdirish, shu orqali huquqiy madaniyatni oshirish bo`yicha aniq takliflarni ishlab chiqishni o`rtaga tashladilar.
Joriy yilda yoshlar o`rtasida jinoyatchilik va o`z joniga qasd qilish holatlari tahlili raqamlar bilan ochib berildi. Suisid sodir etishga imkoniyat yaratgan oilaviy muhit, jarayon ularning yaqinlari ishtirokida psixologik tahlil etildi.

«Aurum 898» tungi klubida bo`lib o`tgan pichoqbozlik oqibatida o`zbekistonlik erkin kurashchi Jamshid Kenjaevning vafoti tafsilotlari to`g`risida mahalla ispektori Ruslan Berdiev hamda mahalla fuqarolar yig`ini raisi ma`lumot berib o`tdi:
– Bu tungi klubda bir yilning ichida 3-marta jinoyat sodir etilishi. Fevral, iyun va nihoyat, kuni kecha 9-avgustga o`tar kechasi bo`lib o`tgan mudhish voqea. Bularning barchasi soat 12 dan oshganda ichkilikbozlik oqibatida sodir etilgan. Biz bu tungi klubni yopish haqida shahar hokimligiga maxsus xat bilan ham chiqqanmiz. Lekin ko`rib turibsizki, u hamon faoliyat yuritmoqda. Va bir bolaning umriga ham zomin bo`lib ulgurdi.
O`zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik ham yoshlarni ma`naviyat o`choqlariga etaklash yo`lida qilinayotgan ulkan ishlar, kitobxonlik tanlovlari bo`lib turgan bir paytda, buzuqlikni targ`ib qiluvchi tungi klublarni jamiyat uchun hech qanday keragi yo`q ekanligini ta`kidladi:
– Bundan 15 yil oldin, «Talvasa» romanini yozayotganimda, asarim uchun tungi klublarga muhitni o`rgangani kirganman. O`shanda u erga insonlar emas, odam shaklidagi maxluqlar kirishiga guvoh bo`lganman. Men u joyni tungi klub demasdim, «buzuqlik klubi» degan bo`lardim. O`shanda ko`p sirlarga ham guvoh bo`lganman. Tungi klublarga kirganlar biladi, uni o`ziga tortadigan ohanrabosi bor. Bu nima bilasizlarmi? Afyun. Ular afyun zarralarini havo sovutkichlarining (kondisioner) ustiga sepib qo`yishadi. Keyin havoga qo`shilgan mast qiluvchi hid klubga kirganlarni hushini o`g`irlaydi. Tadbirkor niqobi ostida tungi klublarni ochib qo`yib, falon so`m pul topayotgan do`stlarim, Prezidentimiz Sizlarga yaratib berayotgan imkoniyatlarni suiste`mol qilmang. Harom luqmani bolangizga edirmang, degan bo`lardim. Bizga bunday klublarni umuman keragi yo`q.

Press-klubda yoshlar spikerlarga o`zlarini qiziqtirayotgan savollar bilan murojaat qildilar.
Tadbir so`ngida erkin muloqot maydonida bahsga kirishgan sessiya tinglovchilari yoshlar jinoyatchiligini kamaytirish va oldini olish bo`yicha o`z fikr-mulohazalarini ham bildirib o`tdilar.






