AsosiyJamiyat

Markaziy Osiyo davlatlari eng ko‘p suv sarflovchi mamlakatlar qatoriga kirdi

Worldometer maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston yillik 54,56 mlrd kub metr suv sarfi bilan Markaziy Osiyoda eng yuqori suv isteʼmoliga ega mamlakat sifatida qayd etildi.

'Markaziy Osiyo davlatlari eng ko‘p suv sarflovchi mamlakatlar qatoriga kirdi'ning rasmi

Tahlillarga ko‘ra, mamlakatda suv sarfining yuqori bo‘lishiga asosan qishloq xo‘jaligining keng rivojlangani va irrigatsiya tizimlarida suvdan katta hajmda foydalanilishi sabab bo‘lmoqda.

Reytingda ikkinchi o‘rinni Turkmaniston egallagan bo‘lib, uning yillik suv iste’moli 27,9 mlrd kub metrni tashkil etadi. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston (22,77 mlrd kub metr), Tojikiston (11,49 mlrd kub metr) va Qirg‘iziston (qariyb 8 mlrd kub metr) qayd etilgan.

Aholi jon boshiga hisoblaganda eng yuqori ko‘rsatkich Turkmanistonda kuzatilgan — bir kishi kuniga o‘rtacha 15 445 litr suv sarflaydi. O‘zbekistonda bu raqam 4 778 litrni tashkil etgan.

Mutaxassislar mintaqada suv resurslariga bosim ortib borayotganini ta’kidlab, suvdan samarali foydalanish va zamonaviy irrigatsiya texnologiyalarini joriy etish zarurligini qayd etmoqda.

    Boshqa yangiliklar