AsosiyJinoyat

22 yoshli tovlamachi qiz qo`lga olindi

'22 yoshli tovlamachi qiz qo`lga olindi'ning rasmi

O`z manfaati yo`lida o`zgalarni qo`rqitib, pul undirishni kasb qilganlar haqida so`z borarkan, odatda, ular o`rta yoshli ayol yoki erkak obrazida tasavvur qilinadi. Biroq G`ijduvonlik firibgar qiz 22 yoshda. Va bu uning birinchi jinoyati emas.

Laqqa baliq to`rga ilindi!

JKning 165 – moddasi, 2 – qismi, «a» bandi bilan ayblangan Munisa Akromova (maqolada ism-shariflar o`zgartirildi) 1996 yili G`ijduvon tumanida tug`ilgan. Ma`lumoti o`rta–maxsus. Turmushga chiqmagan. Muqaddam sudlangan.

M. Akromova 2017 yilning oktyabr oylarida Shofirkon tumani markazida Aziz ismli yigit bilan tanishib qoladi. Aziz tuman markazidagi tayyorlov kursida o`qishi, onasi yurak kasalligiga chalingani haqida qizga so`zlab beradi. Munisa o`zini yigitga yaqin tutib, u haqida ko`proq ma`lumotga ega bo`lishni maqsad qiladi. Rejasiga ko`ra, A. Shodmonov pul undirish uchun qulay nomzod edi.

2017 yil oktyabr oyi oxirlarida M. Akromova, Aziz bilan telefonda gaplashib unga «Gulchehra» ismli qizning raqamini beradi. Aziz u qiz bilan qo`ng`iroqlashadi va bir marta uchrashadi. Ertasiga esa M. Akromova yigitga qo`ng`iroq qilib «Gulchehraning to`yi bo`lishi kerak edi. Ammo sen bilan gaplashgani uchun to`yi buzildi», deydi va bu masalada janjal chiqmasligi uchun 1 000 000 so`m talab qiladi.

— Aytilgan pulni bersang, bu masalani o`zim hal qilaman. Yo`qsa, Gulchehra bilan mahallangga borib, ota–onang oldida sharmanda qilamiz, – deydi. Munisaning do`q–po`pisalariga chuv tushgan yigit o`zini qanday oqlashni bilmay, so`ralgan pulni keltiradi.

— Bori shu, – deydi Aziz 920 000 so`m va bitta «Lenovo» rusumli uyali telefon apparatini Munisaga uzatib. M. Akromova aytilgan pul to`liq keltirilmaganidan norozi kayfiyatda ekanini yashirmasa-da, yigitni noumid qilmaydi va bu masala hal qilinishini aytib, pulni qabul qilib oladi.

— Yotoqxonamdagi javon tagida turgan 250 000 so`m pul joyida yo`q. Uni sen olgansan.

— Nimalar deyapsan, men olganim yo`q, tuhmat bu, – deya o`zini oqlashga urinayotgan yigitni qiz gapirishga qo`ymaydi.

— Yo menga 200 AQSh dollari topib berasan yoki seni o`g`irlikda ayblab, qamatib yuboraman. Hozirning o`zidayoq ustingdan yozib berishim mumkin.

A. Shodmonov Munisa uchun laqqa baliq edi. Qiz yigitning har qadamini poylar, qaerda, kim bilan uchrashayotganini yaxshi bilardi. Xususan, 2017 yilning oktyabr oyida Shofirkon tuman markazidagi «Istirohat bog`i»da janjal kelib chiqqanidan xabar topgan Munisa u erda Aziz ham bo`lganini bilib qoladi. Qulay vaziyat paydo bo`lganidan foydalanib qolishni o`ylab, yigitga qo`ng`iroq qiladi.

– Bog`dagi janjalda sen ham bo`lganingni bilaman. Agar 300 000 so`m pul bermasang, bu haqida IIBdagi tanishlarimga aytib, seni qamataman.

A. Shodmonov janjalga aralashganmi-yo`qmi, bunisi noma`lum. Ammo u qizning so`zlaridan qo`rqib, so`ragan pulini beradi.

Shu yilning noyabr oyi boshlarida A. Shodmonov Munisaning uyiga kelib, undan uyali telefon apparatini qaytarib berishini so`raydi. O`z oyog`i bilan kirib kelgan yigitdan yana bir marta foydalanib qolishni reja qilgan qiz bu safar uni o`g`irlikda ayblaydi.

Tovlamachining tuzog`iga tushgan, voyaga etmagan A. Shodmonov shu tariqa M. Akromovaning barcha talablarini bajaradi. Uchinchi marotaba ham pul topib keltirgan yigit bu ishlarning oxiri ko`rinmayotganini fahmlab, ichki ishlarga ariza bilan murojaat qilishga o`zida kuch topadi. A. Shodmonovning arizasiga ko`ra, M. Akromova hibsga olinib, jinoyati fosh etildi.

Muqaddam sudlangan Munisa Akromova JKning 165 – moddasi, 2-qismi, «a» bandi bilan aybli, deb topilib, unga 5 yil 4 oyga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Sud hukmi kuchga kirgach, sudlanuvchi M. Akromovadan jabrlanuvchi A. Shodmonov foydasiga 3 713 524 ming so`m moddiy zarar undirilishi tayinlandi.

M. Akromova endi ham es–hushini yig`ib olmas ekan, sodir etgan jinoyatlari bir umrlik hayotini izdan chiqaradi. Afsuski, u bular haqida o`ylamadi. Achinarlisi, uni ne–ne orzu–umidlar bilan voyaga etkazgan ota–onasining boshi egildi. Lekin hali vaqt bor. M. Akromova to`g`ri yo`lga qaytishi, halol mehnat qilib pul topishni o`rganishi mumkin.

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati va jinoyat ishlari bo`yicha

Shofirkon tuman sudi raisi Jamol Jumaniyozov bilan hamkorlikda tayyorlandi.

    Boshqa yangiliklar