AsosiyJamiyat

O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi Qozog`iston SSV bilan o`zaro kelishuv hamda «yo`l xaritasi»ni imzoladi

'O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi Qozog`iston SSV bilan o`zaro kelishuv hamda «yo`l xaritasi»ni imzoladi'ning rasmi

Qozog`iston poytaxti Ostona shahrida Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg`armasi (YuNISEF) va Qozog`iston hukumati tomonidan tashkil etilgan Birlamchi tibbiy va sanitar yordam ko`rsatish bo`yicha global konferensiyasida O`zbekiston delegasiyasi ham ishtirok etdi.

Tadbirning ikkinchi kunida O`zbekiston sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov so`zga chiqib, yurtimizda fuqarolarning sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga, jumladan, birlamchi tibbiy yordamni yanada takomillashtirishga alohida e`tibor qaratilayotganini ta`kidladi.

– Hozirda O`zbekistonda birlamchi tibbiy yordam ko`rsatadigan 2 370 ta tibbiyot muassasalari tarmog`i mavjud. Tibbiy yordam sifatini yaxshilash, aholini keng miqyosda qamrab olish, ularni birlamchi tibbiy yordam bilan sifatli va bepul ta`minlash maqsadida, hukumat qaroriga muvofiq, qishloq joylardagi ambulatoriya xizmatida katta o`zgarishlar amalga oshirildi, – dedi Alisher Shadmanov.

Yana bir e`tiborli jihati, so`nggi ikki yil davomida qishloq oilaviy poliklinikalarida beshta, shahar oilaviy poliklinikalarida esa o`ndan ziyod tor mutaxassislar faoliyatining yo`l qo`yilgani ham birlamchi tibbiy xizmat samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, vazir birlamchi sog`liqni saqlash tizimini profilaktik va patronaj ishlarga yo`naltirish, Respublika ixtisoslashtirilgan va ilmiy-amaliy markazlari tomonidan aholiga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko`rsatishni kengaytirish hamda birlamchi tibbiy yordam amaliyotida diagnostika va davolash standartlarini muvofiqlashtirish kabi vazifalar ijrosi yo`lida ham faol sa`y-harakatlar olib borilayotganini qayd etdi.

Shu kuni O`zbekiston sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Qozog`iston sog`liqni saqlash vaziri Eljan Birtanov bilan ham uchrashdi. Do`stona ruhda o`tgan muloqotda sog`liqni saqlash va tibbiyot sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish borasida ko`plab imkoniyatlar mavjudligiga alohida e`tibor qaratildi. Shundan kelib chiqqan holda tibbiyot sohasida o`zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish maqsadida ikki tomonlama kelishuv hamda “yo`l xaritasi” imzolandi.

    Boshqa yangiliklar