Tadbirkorlik sohalari, ommaviy axborot vositalari hamda turizm industriyasi hozirgi kunda yoshlarni qiziqtirgan yo`nalishlardan hisoblanadi.
Turizm, xususan, ichki turizm yurtimiz iqtisodiyotining muhim tarmog`idir. Mamlakatimizning har bir hududi o`ziga xos turistik jozibaga ega. Shu bois turizm, ommaviy axborot vositalari va tadbirkorlik sohalarini uyg`unlashtirgan holda rivojlantirish hisobidan minglab yangi ish o`rinlari yaratish mumkin. Ayniqsa, bu borada ichki turizm imkoniyatlaridan to`laqonli foydalanish, yoshlar turizmini ommalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni shu maqsadda ikki davlatning xalqaro aloqalarini yanada mustahkamlanishiga xizmat qiluvchi “O`zbekiston-Rossiya yoshlari forumi. Hamkorlik, tashabbus va innovasiya” forumi tashkil etildi.
Mazkur forum joriy yilning 28 oktyabridan 1 noyabrigacha Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo`lib o`tadi.

28 oktyab kuni Rossiya davlati delegatlari O`zbekistonda iliq kutib olinib, Toshkentning diqqatga sazovor joylariga yomg`ir ostidagi sayohat uyushtirildi. Mehmonlar Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Hazrati Imom majmuasiga tashrif buyurishdi. Sayohat davomida Temuriylar tarixi davri, Temuriylar davlat boshqaruvi, sulolarning uzoq yillik taxt boshqaruvi haqida atroflicha ma`lumotlarga ega bo`lishdi. Hazrati Imom majmuasida esa islom dini tarixi haqida tushuncha hosil qilishdi.
— 82 nafardan iborat delegasiyaning tashrifi turli sohalarda hamkorlik aloqalarini o`rnatish, o`zaro muloqot, tajriba almashish muhitini yaratish, tadbirkorlik, turizm sohalarini rivojlantirish, yoshlar masalalari bo`yicha hamkorlikni kuchaytirishga oid muhokamalarga bag`ishlangan. Mazkur forum O`zbekiston yoshlar ittifoqi bilan Rossiya yoshlar ittifoqi o`rtasida imzolangan o`zaro hamkorlik to`g`risidagi anglashuv memorandumiga muvofiq o`tkazilmoqda, — deydi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi Xalqaro bo`lim bosh mutaxassisi Munisa Nurmatova.
Delegatlarlarda O`zbekiston mamlakatiga bo`lgan qiziqish, yoshlar masalalari bo`yicha olib borilayotgan izchil islohotlar katta qiziqish uyg`otib, ularning taassurotlarini ezgu fikrlar ila boyitdi. Ikki mamlakat yoshlari turizm, ommaviy axborot vositalari hamda tadbirkorlik turizm sohalarini rivojlantirish istiqbollari, yoshlar tashkilotlari o`rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilinadi.
— O`zbekistoga birinchi marta kelishim. Ijtimoiy tarmoqlarda yozganimdek, bu mamlakatni birinchi nafasimdayoq yoqtirdim. Bu erda hammasi ajoyib. Festivalning eng katta istiqboli, albatta, ikki davlatning ishtirokchilari o`rtasida mustahkam aloqalarning o`rnatilishidir, – deydi “Invest Konsulting Realty” MChJ bosh direktorining o`rinbosari, biznes-psixologi Elena Nevert. — Umid qilamanki, festival nafaqat do`stona munosabatlarni rivojlantirishga, balki Tadbirkorlik sohasidagi aloqalarni rivojlantirishga ham yordam beradi. Yangi loyihalar, amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan g`oyalar mamlakatlarimiz o`rtasidagi uzoq yillik hamkorlikka yo`l ochadi.

Besh kun davom etadigan festivalning dastlabki kunida Toshkent shahri bo`ylab sayohat, O`zbekiston yoshlar ittifoqi rahbariyati bilan uchrashuv, festivalning rasmiy ochilish marosimi va turli madaniy tadbirlar o`tkaziladi.






