Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari, Respublika bosh Davlat sanitariya vrachi Saidmurod Saidalievning bildirishicha, sud-tibbiy ekspertiza natijalariga ko`ra, 2018 yil 31 oktyabr kuni Toshkent shahar Chilonzor tumani Dilxush ko`chasi 37-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro A.Akbarov xonadonida qayd etilgan fojiali holatga taom emas, balki is gazidan o`tkir zaharlanish sabab bo`lgan.
Avval xabar qilinganidek, mazkur xonadon egasi Alisher Akbarovning 42 yoshli ayoli Umida Haitova 2018 yil 30 oktyabr 23:30 larda bolalar, uyning ikkinchi qavatidagi xonaga chiqib, uxlashgan. Ularda hech qanday kasallik belgilari kuzatilmagan. U.Xaitovaning taxminan soat 23:30 larda boshi qattiq og`rigan, ko`ngli aynib, va ko`p marta qayt qilgan. Xonadon egasi A.Akbarov bu vaqtda uyda bo`lmagan, taxminan soat 24:00da uyga qaytgan. Turmush o`rtog`ining sog`lig`i yomonlashganligi to`g`risida tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilishmagan. Er-xotin binoning birinchi qavatida uxlashgan.
2018 yil 31 oktyabr tong soat 4 larda U.Xaitova ikkinchi qavatdagi farzandlari uxlayotgan xonani ochib ko`rganda bolalarining og`zidan ko`pik qusuqlari chiqib, behush holda yotganligini ko`rib, tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilgan. Soat 04:30 da tez tibbiy yordam mutaxassislari kelib, ular tomonidan U.Xaitovaning qizlari Aziza Akbarova (1996 yil), E`zoza Akbarova (2001 yil), Iroda Akbarova (2003 yil) va o`g`li Farrux Akbarov (2012 yil)da biologik o`lim holati qayd etilgan.
Ayni paytda is gazidan engil darajada o`tkir zaharlangan U.Xaitova Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida tibbiy yordam ko`rsatilmoqda, ahvoli qoniqarli.
Ma`lumot uchun, ushbu xonadon egalari “Dilxush“ ko`chasi 37-uydagi yangi qurilgan 3 qavatli binoga yaqinda ko`chib o`tishgan. Uy er to`lada o`rnatilgan, tabiiy gazda ishlaydigan isitish qozoni orqali isitiladi.