1

Qishloq joylarda qurilayotgan arzon-uy joylarni qanday olish mumkin?

Jamiyat 01.11.2018, 18:33
Qishloq joylarda qurilayotgan arzon-uy joylarni qanday olish mumkin?

Hozirda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo`yicha arzon uy-joylar qurish davom ettirilmoqda. Ushbu uylarning dastlabki badali quyidagicha:

  • 0,02 ga o`lchamli er uchastkalarida joylashtiriladigan ikki, uch, to`rt, besh qavatli ko`p kvartirali (2 va 3 xonali) va 2, 3 xonali bir qavatli arzon uy-joylar uchun – 10 foiz miqdorida;
  • 0,04 ga o`lchamli er uchastkalarida joylashtiriladigan ikki qavatli 4 xonali birlashtirilgan arzon uy-joylar va 0,06 ga o`lchamli er uchastkalarida joylashtiriladigan 3, 4 va 5 xonali arzon uy-joylar uchun – 25 foiz miqdorida.

Ushbu uylarni olish uchun ipoteka kreditlari 2020 yil 1 yanvargacha bo`lgan davrda 20 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr hamda birinchi 5 yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan va keyingi davrda Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida beriladi.

Xo`sh, bu uylarni qanday olish mumkin? Buning uchun albatta siz uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj deb topilishingiz kerak.

Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo`lgan oilalarga quyidagilar kiradi:

  • turar joyi yo`q va turar joyda ijara shartlarida yoki yashash uchun yaroqsiz turar joyda yashayotgan oilalar;
  • boshqa oila yoxud boshqa oilalar bilan bir uyda (bir kvartirada) birgalikda yashovchi oila;
  • ko`p bolali oilalar;
  • to`liq bo`lmagan oilada bolani (bolalarni) tarbiyalayotgan onalar (otalar);
  • daromadi yuqori bo`lmagan oila (bir oydagi jami daromadi har bir oila a`zosiga belgilangan eng kam oylik ish haqining 3 baravari miqdorigacha to`g`ri keladigan oila);
  • tarkibida birinchi guruh nogironi bo`lgan yoxud surunkali kasallikning og`ir turlaridan azob chekuvchi va qonun hujjatlariga muvofiq alohida xonada yashashga ehtiyoj sezuvchi shaxs bo`lgan oila;
  • uy-joy maydoni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan (bir shaxs uchun umumiy uy-joy maydoni 16 kv. metrdan kam bo`lmagan, kursi-kolyaskadagi nogironlar uchun 23 kv. metrdan kam bo`lmagan) uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq bo`lmagan oilalar endilikda tuman hokimi huzurida tashkil etilgan doimiy komissiyaga murojaat etib, namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylarni olish uchun kerakli yozma tavsiyani olish uchun uy-joyi yo`qligi to`g`risida asoslantiruvchi hujjatlarni ilova qilgan holda mazkur nizom talablari asosida ishlab chiqilgan anketa-arizani komissiya raisi (tuman hokimi) nomiga yozish bilan murojaat etishlari mumkin.

Tuman komissiyasiga qanday hujjatlar taqdim qilinadi?

  • Ariza;
  • Pasport nusxasi;
  • Soliq to`lovchining identifikasiya raqami nusxasi (STIR);
  • Oila a`zolari pasportlari va nikoh qayd etilganligi guvohnomasi (to`liq oila va nikoh hamda voyaga etgan farzandlar mavjud bo`lgan taqdirda) va/yoki farzandlar tug`ilganligi haqidagi guvohnomalar (voyaga etmagan farzandlar mavjud bo`lgan taqdirda) nusxalari;
  • Yashash joyidan oila tarkibi to`g`risida ma`lumotnoma;
  • Nikoh bekor qilinganligi haqidagi guvohnoma yoki nikoh bekor qilinganligi yoki nikoh haqiqiy emas deb tan olinganligi to`g`risida sud qarori (nikoh qayd etilgan holatda) yoki oilaviy holati to`g`risida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari (FHDYo) arxividan ma`lumotnoma nusxasi (nikoh qayd etilmagan holatda);
  • Doimiy ish joylaridan berilgan ariza beruvchi va u bilan birga yashayotgan oila a`zolarining oxirgi 12 oy mobaynidagi daromadlari to`g`risida ma`lumotnoma yoki ariza beruvchi va uning oila a`zolarining yashash joyidagi davlat soliq xizmati organi tomonidan tasdiqlangan oxirgi 12 oy mobaynidagi daromadlar to`g`risidagi deklarasiyalar nusxalari;
  • Doimiy propiska joyidan kadastr hujjati nusxasi (agar turar joyi doimiy propiska joyi bilan to`g`ri kelsa);
  • Doimiy propiska joyidan uy daftarining yoki kvartiralar bo`yicha kartochkaning (17-shakl) nusxasi (agar turar joyi doimiy propiska joyi bilan to`g`ri kelsa);
  • Ijara yoki turar joydan tekinga foydalanish to`g`risida shartnoma yoki er resurslari va davlat kadastri tuman bo`linmasi ma`lumotnoma nusxasi (ariza beruvchining mulk huquqi asosida turar joyi bo`lmagan holatda);
  • Nogironlik guruhi ko`rsatilgan holda pensiya guvohnomasi, ushbu hujjat mavjud bo`lmagan taqdirda Sog`liqni saqlash vazirligining Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasidagi tumanlararo (tuman) tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi (TMEK) ma`lumotnoma nusxasi (oila a`zolari orasida birinchi guruh nogironi mavjud bo`lgan holatda);
  • Turar joyi bo`yicha tuman davolash-profilaktika muassasaning vrachlik-maslahat komissiyasi (VMK) ma`lumotnomasi yoki ariza beruvchining oila a`zolari orasida surunkali kasallikning og`ir turlaridan azob chekuvchi va Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro`yxatga muvofiq alohida xonada yashashga muhtoj bo`lgan shaxsning mavjudligi holatida — tumanlararo (tuman) TMEK ma`lumotnomasi.

Ariza necha kunda ko`rib chiqiladi?

Dasturda ishtirok etish uchun taqdim etilgan ariza va hujjatlar qayd qilingan oxirgi sanasidan boshlab tuman komissiyasi tomonidan 15 ish kunida ko`rib chiqiladi. Tekshirish dalolatnomasi tuziladi. Tuman komissiyasi tomonidan ariza beruvchilarni tanlash va Dasturda ishtirok etishda ularning ijtimoiy ustuvorligini belgilash uchun foydalaniladigan ariza beruvchilarning ijtimoiy va uy-joy sharoitlarining asosiy ko`rsatkichlari e`tiborga olinib, 60 ballik tizimda baholanib, 2-nusxada yozma tavsiya beriladi.

Ariza qanday hollarda rad etilishi mumkin?

Quyidagi hollarda yozma tavsiya berish ariza beruvchiga rad etilishi mumkin:

  • hujjatlarni to`liq bo`lmagan hajmda taqdim etish;
  • Dasturda ishtirok etish uchun ariza va hujjatlar taqdim etilishining oxirgi sanasi tugagandan keyin taqdim etish (bunda keyingi yilda hujjat taqdim etish mumkin);
  • taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz yoki buzilgan ma`lumotlar mavjudligi;
  • ariza beruvchining uy-joy sharoitlarini o`rganish yakunlari bo`yicha tuzilgan tekshirish dalolatnomasida ariza beruvchida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyoj yo`qligi holatining asosli ko`rsatilishi;
  • Dastur va qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo`yicha yakka tartibda uy-joy qurish dasturlari doirasida ilgari qishloq joylarda arzon uy yoki yakka tartibdagi uy olgan uy quruvchining va/yoki uning oila a`zolari (eri, xotini, ota-onasi, farzandlari)ning takroriy murojaati.

Yuqorida ko`rsatilgandan boshqa asoslar bo`yicha yozma tavsiya berish rad etilishiga yo`l qo`yilmaydi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1