O`zbekiston Respublikasi Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov oliy ta`lim sohasidagi xalqaro ekspert Jamil Salmiy bilan uchrashdi. Uning mamlakatimizga tashrifi davomida Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Jizzax viloyat hokimligi rahbariyati, poytaxt va mintaqalardagi oliygohlar rektorlari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik formatlari, shu jumladan O`zbekistondagi oliy ta`lim tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqishga xalqaro ekspertlarni jalb qilish imkoni muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida Jamil Salmiyga O`zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligi ostida oliy ta`lim qamrovini kengaytirish, shakl va yo`nalishlarini diversifikasiyalash bo`yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar, shuningdek ta`lim tizimini tubdan takomillashtirishga doir qabul qilingan qarorlar haqida ma`lumotlar berildi. Xususan, uchrashuvda O`zbekiston hududida xorijiy oliy ta`lim dargohlarining faoliyatini yo`lga qo`yish bo`yicha taqdim etilayotgan imkoniyatlar – 2023 yilga qadar barcha turdagi soliqlar va majburiy to`lovlardan ozod qilish, qo`shimcha lisenziyalash jarayonlarisiz TOP-1000 reytingiga kiruvchi xorijiy OTMlar filiallarini yaratish kabi imkoniyatlar haqida so`z yuritildi.

Evropa, Osiyo va Lotin Amerikasining qator universitetlari xalqaro kuzatuv qo`mitalari a`zosi hisoblangan Jamil Salmiy, o`z navbatida, Toshkentda Janubiy Koreya OTMlari – Yoju, Sijon va Puchon, AQShning Vebster, Latviyaning ISMA oliygohlari hamda Fransiya Moda akademiyasi filiallari ochilishi kabi tizimda erishilayotgan yutuqlarni alohida qayd etdi.

Ma`lumot uchun: Jamil Salmiy oliy ta`lim sohasida xalqaro ekspert hisoblanib, qator mamlakatlar hukumatlari, universitetlari, xalqaro va mintaqaviy banklar hamda agentliklarga konsultasion xizmatlarini taqdim etadi. Salmiy 2012 yilga qadar Jahon bankining oliy ta`lim masalalari bo`yicha koordinatori lavozimini egallagan. U Jahon bankining oliy ta`lim siyosatiga oid birinchi hujjatini yozgan, shuningdek u 2002 yilgi Jahon banki oliy ta`lim strategiyasi muallifi hamdir, strategiya “Bilimlar jamiyatini qurish: oliy ta`lim uchun yangi chaqiriqlar” deb nomlangan. Oxirgi 20 yilda Jamil Salmiy 80 dan ortiq mamlakatdagi universitetlar va davlat boshqaruvlari rahbariyatlariga oliy ta`lim tizimini isloh qilish va strategik rivojlantirish masalalari bo`yicha maslahatlar bergan.






