TezMedʼ loyihasi – tez tibbiy yordam boshqaruv tizimini avtomatlashtirish uchun innovasion dasturiy ta`minot to`plami sanaladi. U mobil ilova sifatida aholidan kelib tushayotgan ma`lumotlarni qabul qilish va ro`yxatdan o`tkazish uchun mo`ljallangan bo`lib, ularni avtomatik ravishda ustun tartibda belgilash va planshetlarning GPS navigasiyasidan foydalanish orqali transportni boshqarish uchun mo`ljallangan. Bu haqida Terabayt.uz ma`lumot berdi.
Loyiha muallifi Madina Xamidovaning aytishicha, bu xizmat tez tibbiy yordamga murojaat qilgan shaxslarning manzilini avtomatik ravishda qidirib topadi. Murojaatchilarning yoshini va chaqiruv sababini ko`rsatgan holda, tez tibbiy yordamga qo`ng`iroq qilmasdan turib, bepul tibbiy xizmat chaqiruvini qoldirish mumkin.
Bundan tashqari, ushbu dastur dori-darmonlar va tibbiy mahsulotlarning rekvizitlarini saqlab turadi. Aholining tez tibbiy yordam samaradorligini baholashni ham nazorat qiladi. Uning funksional imkoniyatlari juda ko`p. Jumladan, shoshilinch tibbiy xizmatni qo`ng`iroqsiz, mobil ilova orqali chaqirishga va tez tibbiy yordamni kuzatishga, eng yaqin tez tibbiy yordamni chaqiruv manziliga etib borishiga imkon beradi. Qisqa vaqt ichida tibbiy muassasalarning ma`lumotlar bazasidagi muhim aloqalarni topish va xodimlar bilan bevosita aloqada bo`lish imkonini beradi.
“Texnik jihatdan, bu dastur iOS va Android operasion tizimlariga mobil ilovani o`rnatish orqali, shuningdek, haydovchining Android dasturini va tez yordam dispetcheri uchun ma`lumot boshqarish «web-interfeys»ini o`z ichiga olgan tizim sifatida qo`llaniladi”- deydi Madina.
«TezMed» tizimidagi yangilik shifokorlar bemorlarning kasalliklari va mavjud allergiya holati haqida ma`lumot keltirilgan elektron tibbiy kartasidan foydalana oladi. Bunday ma`lumotlar shifokorlarga tez va to`g`ri tibbiy xulosa chiqarish hamda to`g`ri tashxis qo`yishga yordam beradi. Bundan tashqari, dasturning o`ziga xos xususiyati shundaki, qo`ng`iroqdan so`ng siz tez yordam brigadasini kuzatishingiz, kelish vaqtini bilishingiz va tibbiy xizmatni baholashingiz mumkin.
«TezMed» tizimi yoqilg`i sarfini kamaytirish, kerakli statistikani olish, yolg`on chaqiriqlarni aniqlash, favqulodda vaziyatlar, baxtsiz hodisalar va kasalliklar oqibatlarini bartaraf etishda yordam beradi. Endi dispetcherlar qog`oz to`ldirib ovora bo`lishmaydi. Faqatgina kelib tushayotgan onlayn-chaqiruvlarni tasdiqlashadi, xolos. Bu orqali eng yaqin tez tibbiy xizmatini ham avtomatik ravishda aniqlash mumkin bo`ladi.
Ma`lumot o`rnida aytib o`tish joizki, ushbu loyihaning muallifi Hamidova Madina «International House - Tashkent» akademik liseyining uchinchi bosqich talabasidir. Bu loyiha ustida 2018 yil mart oyidan boshlab ish olib borgan. Bu innovasiya Sog`liqni saqlash vazirligi bo`limi boshlig`i tomonidan amaliyotga tadbiq etishga yo`naltirildi.






