Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasiga qarashli yo`l patrul xizmati inspektorlari Koson tumani «Guvalak» mahallasi hududida odatdagidek xizmat vazifasini bajarayotgan edi.
Inspektoralar Jasur Yo`ldoshev, Inomjon Qoraev va Shahzod Choriev tomonidan yo`lda harakatlanayotgan avtomobillardan navbatdagisi to`xtatilib, inspektorlar «Kobalt» haydovchisining hujjatlarini ko`zdan kechirishga chog`landi. Kichik serjant J.Yo`ldoshev avtombil haydovchisidan hujjatlarni taqdim qilishni so`raydi. O`zini Husniddin To`raqulovman, deb tanishtirgan shaxs hech qanday hujjatlari yo`qligini aytadi.
Inspektorlar ushbu holat yuzasidan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtiradi. Shundan so`ng avtomashinani vaqtinchalik jarima maydonchasiga olib borilishi kerak edi.
Ammo X.To`raqulov va uning yo`lovchilari, ya`ni turmush o`rtog`i Muhabbat Jumanazarova, o`g`li Shohrux Egamberdiev, qizi Kumush Egamberdieva xodimlarga faol qarshilik ko`rsatishadi.
Sh.Egamberdiev qo`liga pichoq olib Koson tumani ichki ishlar boshqarmasi 11-sonli ichki ishlar boshqarmasiga tegishli “Damas”, rusumli avtomashina oynasini sindirib, ballonlariga shikast etkazadi. Shundan so`ng yo`lovchilar avtomashinasiga o`tirib, voqea joyidan qochib ketgan.
Yo`lovchi yigitning quyushqondan chiqib ketib, amalga oshirgan qo`pol harakatlari natijasida kichik serjant J.Yuldashev va safdor I.Qoraevga jarohat etkazilgan. Ularga kasalxonada tibbiy yordam ko`rsatildi.
Bunday vaziyatda yo`lovchilarning inspektlarni qanday so`zlar bilan «siylashi»ni aytmasak ham, kunday ayon.
Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasidan ma`lum qilishlaricha, ko`rilgan tezkor choralar natijasida Sh.Egamberdiev ushlanib, X.To`raqulov, M.Jumanazarova va K.Egamberdieva tuman prokuraturasiga topshirildi, deb yozmoqda O`zA.
Hozirda ushbu holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






