AsosiyJamiyat

Majburiy obunaga yo`l qo`ygani ta`limi mudiri ishdan olindi

'Majburiy obunaga yo`l qo`ygani ta`limi mudiri ishdan olindi'ning rasmi

Bekobod tumani xalq ta`limi bo`limi boshlig`i Xasan Soibnazarov davriy nashrlarga majburiy obuna to`g`risida bergan ko`rsatmasi uchun o`z lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

2018 yil 1 noyabr kuni bir necha internet OAV nashrlari Bekobodda o`qituvchilar 2019 yil uchun obunaga majburlanayotganligi haqida maqolalar chop etgan edilar. Xalq ta`limi vazirligi mutaxassislari ushbu ma`lumotlarni joyiga chiqib o`rgandilar.

Ta`kidlash lozimki, Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 25 yanvardagi 33-sonli qarorining 5-bandida qishloqlarda joylashgan umumta`lim maktablarini o`ntagacha gazeta va jurnallarga mahalliy byudjet hisobidan obuna qilish belgilangan.

Ushbu qaror talabidan kelib chiqib, asosan qishloq joylaridagi umumta`lim maktablariga 2019 yil obunasi uchun 10 nomdagi gazeta va jurnallar tavsiya etilgan. Bekobod tumani xalq ta`limi bo`limiga «Toshkent haqiqati», «Xalq so`zi», «Bekobod ovozi», «Ma`rifat» gazetalariga obuna bo`lishlari uchun mahalliy byudjet hisobidan mablag`lar ajratilgan.

Toshkent viloyati xalq ta`limi boshqarmasining Bekobod tumani xalq ta`limi bo`limi boshlig`i Xasan Soibnazarov tomonidan o`zboshimchalik bilan 2018 yil 30 oktyabrda imzolangan 01-650/18-sonli xatida tumandagi jami 57 ta umumiy o`rta ta`lim maktablari direktorlariga bir necha gazeta va jurnallarga obuna bo`lish vazifasi yuklatilgan.

Ta`kidlash lozimki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi PQ-3907-son qarorining 16-bandida xalq ta`limi xodimlarining bosma nashrlarga majburan obuna bo`lishini tashkil etish taqiqlangan.

Ko`rilgan choralar natijasida tumandagi umumiy o`rta ta`lim maktablarining o`qituvchilari Bekobod tumani xalq ta`limi bo`limi boshlig`i xatida ko`rsatilgan nashrlarga majburiy obuna bo`lishmagan.

O`rganish natijasida Bekobod tumani xalq ta`limi bo`limi boshlig`i Xasan Soibnazarov lavozimidan ozod etildi va uning majburiy obuna to`g`risidagi ko`rsatmasi bekor qilindi.

Shu bilan birga majburiy obunani oldini olish bo`yicha kerakli choralar ko`rmaganligi va to`liq nazoratga olmaganligi uchun Toshkent viloyati xalq ta`limi boshqarmasining boshlig`i Shukur Burhonovga intizomiy chora ko`rildi.

Ushbu holat yuzasidan barcha xalq ta`limi hududiy boshqarmalariga yana bir bor majburiy obunani oldini olish bo`yicha qat`iy topshiriq berildi.

Xalq ta`limi vazirligining eslatishichav, o`qituvchilarning bu kabi shikoyatlarini qabul qilish va chora ko`rish uchun internet tarmog`ida «Ustoz ovozi» virtual inspektori ishga tushirilgan. Istalgan xalq ta`limi xodimi huquqlari buzilgan holatlarda ustozovozi.uzedu.uz sayti yoki telegramm bot (@Ustoz_Ovozi_bot) orqali o`z murojaatini yuborishi mumkin. Hozirgi kungacha 1113 ta murojaat yuborildi va ular bo`yicha tegishli choralar ko`rilmoqda.

    Boshqa yangiliklar