AsosiyJamiyat

O`zbekistonda joriy yilda is gazidan 35 kishi vafot etgan

' O`zbekistonda joriy yilda is gazidan 35 kishi vafot etgan'ning rasmi

Ma`lumotlarga ko`ra, shu yilning o`tgan 10 oyida gaz asbob-uskunalaridan noto`g`ri foydalanish hamda chaqnash va yong`in natijasida gaz-havo aralashmasi bilan bog`liq 21 ta holatda 51 kishi jarohatlangan va 15 kishi vafot etgan. Maishiy gaz ballonlar bilan bog`liq 10 ta holatda 10 kishi jabrlangan, 7 kishi vafot etgan. Is gazi bilan bog`liq 32 holatda 53 nafar odam jarohatlangan, 35 kishi vafot etgan. Bu borada eng yuqori ko`rsatkich Toshkent shahrida bo`lib, is gazidan 11 kishi vafot etgan, deb yozmoqda O`zA.

O`rganishlar, tahlillar ko`rsatmoqdaki, bunga asosan fuqarolarning qo`lbola isitish pechlari, gaz chiqib ketishi mumkin bo`lgan nosoz yoki rezina shlangli gaz uskunalaridan sovuqqonlik bilan foydalanishi sabab bo`lmoqda.

Ba`zi bir xonadon egalari gaz xo`jaligi korxonalari xodimlarini xonadonlariga kiritmaslik holatlari uchramoqda. Natijada foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolgan gaz jo`mraklari va uskunalaridan gaz sizib chiqishi kuzatilmoqda va eng ayanchlisi bu og`ir oqibatlarga olib kelmoqda. Oxiri o`lim bilan tugamoqda, katta-katta miqdorda moddiy zarar etkazilmoqda.

Aholi xonadonlarida nostandart suv isitish qozonlari, sertifikati bo`lmagan isitish pechlari o`rnatib, ulardan yasama dudbo`ronlar orqali foydalanishi, gaz plitalarini xonalarni isitish maqsadida yoqib qo`yishi, gaz asboblarini gaz tarmoqlariga rezina shlanglar orqali ulab olishi natijasida gazdan bo`g`ilish, zaharlanish, yong`in va portlash kabi baxtsiz hodisalar soni ko`payib bormoqda.

Ularning oldini olish, aholi xonadonlarini xavfsiz isitish, maishiy ehtiyojlar uchun tabiiy va suyultirilgan gazdan foydalanish qoidalarini aholiga keng miqyosda tushuntirish va targ`ibot ishlarini olib borish maqsadida joriy yilning 1 noyabrida Vazirlar Mahkamasining “Aholi xonadonlarida isitish tizimi va yoqilg`i mahsulotlaridan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan aholi xonadonlarida isitish tizimi va yoqilg`i mahsulotlaridan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya etilishini o`rganish va baxtsiz hodisalarning oldini olishga doir takliflar tayyorlash bo`yicha Respublika komissiyasi tashkil etildi. Aholi turar-joylaridagi isitish qozonlari va pechlaridan xavfsiz foydalanish qoidalariga rioya etilishi holatini tizimli o`rganish hamda mavjud muammo va nosozliklarning bartaraf etilishini ta`minlash bo`yicha hududiy komissiyalar tashkil etildi.

“O`ztransgaz” AJ, O`zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, “O`zdavneftgazinspeksiya” davlat inspeksiyasiga Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda aholi xonadonlarining ichki gaz tarmoqlari hamda gazda ishlovchi qurilma va uskunalarning texnik taftishdan o`tkazilishini va ularga profilaktika xizmati ko`rsatilishini ta`minlash vazifalari topshirildi.

Endi ko`p kvartirali uylarda gaz plitalari (boshqa gaz priborlari mavjud bo`lmaganda) ikki yilda bir marta, turar joylardagi gaz plitalari, isitish, suv isitish priborlari bir yilda bir marta texnik taftishdan o`tkaziladi, har yili isitish mavsumidan oldin ularga profilaktik xizmatlar ko`rsatiladi. Turar joylardagi dudburonlar va ventilyasiya kanallari har yili isitish mavsumidan oldin tekshirilib, ularning sozligi tegishli dalolatnomalar bilan qayd etiladi.

E`tibor berilsa, tabiiy gaz, is gazi bilan zaharlanish aksariyat holatlarda nosoz yoki standart talablariga javob bermaydigan uskunalardan foydalanish oqibatida kelib chiqmoqda. Shu sababli qarorda davlat soliq qo`mitasiga qo`lbola yasalgan nostandart isitish moslamalarini ishlab chiqarish hamda ularning bozorlar va turli savdo shoxobchalarida sotilishining oldini olish bo`yicha qat`iy choralar ko`rish vazifasi topshirildi.

    Boshqa yangiliklar