AsosiyJamiyat

Poytaxtdagi sport inshootlarining qurilishi bo`yicha mas`ullari ogohlantirildi

'Poytaxtdagi sport inshootlarining qurilishi bo`yicha mas`ullari ogohlantirildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev tomonidan Respublikaning barcha hududlaridagi aholi qatlamlari o`rtasida sportni ommalashtirish, yoshlarning sport bilan shug`ullanishi uchun yaratilgan sharoitlar va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish, mavjud sport inshootlarining qurilish va moddiy-texnik ahvolini o`rganish ishlari olib borilmoqda. Kuni kecha vazir Toshkent shahridagi sport inshootlarining qurilish-ta`mirlash ishlari sifatini va o`z muddatida bajarilishini ko`zdan kechirdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda, deb yozadi O`zA.

Toshkent shahar Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg`armasi tomonidan joriy yilda poytaxtda 2 ta yopiq suzish havzasi, 2 ta sport majmuasining yangi qurilishi, 2 ta mavjud sport inshootining kapital ta`mirlanishi belgilangan edi.

Vazir Dilmurod Nabiev tomonidan o`rganish jarayonida Toshkent shahrining Yakkasaroy, Mirobod, Mirzo Ulug`bek, Uchtepa tumanlaridagi sport inshootlarining qurilishi, kapital ta`mirlanishi borasida olib borilayotgan ishlar qoniqarli darajada tashkil etilmayotganligi aniqlandi.

Xususan, Mirobod tumani Qo`yliq-3 mavzesida joylashgan Sport o`yinlari va engil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o`smirlar sport maktabining sun`iy qoplamali stadionidagi ishlar o`z nihoyasiga etkazilmaganligi aniqlandi.

Shuningdek, Mirzo Ulug`bek tumani 1-bolalar-o`smirlar sport maktabiga qarashli «Katta qorasu» mahallasi hududida joylashgan yopiq suzish havzasi va Uchtepa tumani «Ko`hna Cho`ponota» mahallasida joylashgan 2-bolalar-o`smirlar sport maktabining yopiq suzish havzalari joriy yil foydalanishga topshirilishi belgilangan. Ammo ayrim mas`ullarning o`z ishiga sovuqqonlik bilan yondashganligi sababli, qurilish ishlari orqada qolgan.

Vazir mas`ullarga ushbu holat va mavjud muammolarning echimi yuzasidan aniq ko`rsatmalar va qat`iy ogohlantirish berdi hamda kuniga navbati bilan 2 smenada ish tashkil etib, 2018 yil 25 dekabr sanasiga qadar ob`ektni topshirish vazifalarini yukladi. Shuningdek, vazir quruvchilarga avvalo, sifatga e`tibor qaratish lozimligini aytib o`tdi.

Dilmurod Nabiev muassasa rahbarlariga zamonaviy marketing usullaridan unumli foydalangan holda davlat-xususiy sherikchiligi ko`rinishida hamkorlikni yo`lga qo`yish, olingan daromad hisobidan basseynlar ish faoliyatini samarali tashkil etish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va fidoyi murabbiylarni taqdirlash lozimligini ta`kidladi.

    Boshqa yangiliklar