1

Tug`ilganlik haqida guvohnoma «bir darcha» orqali beriladi

Jamiyat 07.11.2018, 12:09
Tug`ilganlik haqida guvohnoma «bir darcha» orqali beriladi

Tug`ilganlik haqida guvohnomani «bir darcha» tamoyili asosida olish imkoni yaratiladi. Davlat xizmatlari agentligining Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo`limi ma`lum qilishicha, hozir mazkur xizmat avtomatlashtirish jarayonida bo`lib, poytaxtdagi Davlat xizmatlari markazlarida sinovdan o`tkazilmoqda.

Xizmat ko`rsatish jarayonini modernizasiya qilishda, birinchi navbatda byurokratik to`siqlarning bartaraf etilishi va tezkorlikka alohida e`tibor qaratilmoqda.

Endilikda yangi tug`ilgan chaqaloqning ota-onasi yoki uning vasiysi bola tug`ilganlik fakti haqidagi ma`lumotni tug`ruqxonadan olish uchun, keyin bevosita FHDYodan guvohnomani olish uchun, so`ngra bankda to`lovni amalga oshirish uchun navbatda turishi shart emas.

Toshkent shahrida sinov tariqasida joriy etilib, amalga oshirilayotgan loyiha, Davlat xizmatlari markazlari va Sog`liqni saqlash vazirligi ma`lumotlar bazalarining integrasiyasini nazarda tutmoqda. Bola tug`ilgandan so`ng, tug`ruqxona yozuvlari maxsus tizimga kiritilib, ulardan markazlar xodimlari onlayn rejimda foydalana olishlari mumkin bo`ladi.

Tug`ilganlik haqida guvohnomani olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish lozim bo`ladi. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab, plastik karta bo`lgani holda «Click», «PayMe» va boshqa tizimlar orqali onlayn-to`lovni amalga oshirish imkoni yaratilishi rejalashtirilmoqda. Bu tizimda korrupsiya holatlarini oldini olish va bartaraf etishga xizmat qiladi.

DXA kelgusi yildan mazkur xizmatni butun mamlakat bo`ylab joriy etishni rejalashtirgan.

Bu hali hammasi emas. Bugungi kunda poytaxtdagi davlat xizmatlari markazlari xodimlari guvohnomalarni yozma ravishda to`ldirishdan asta-sekinlik bilan voz kechishyapti. Xo`sh, bu odamlarga nimasi bilan qulay?

Avvallari FHDYo organlari tomonidan bolaning tug`ilganligi to`g`risidagi guvohnomani to`ldirganda xatolikka yo`l qo`yilsa, uni o`zgartirish muammo edi. Chunki gerbli blanklar qat`iy javobgarlik hujjatlari bo`lib, yozuv kiritilgandan so`ng ularni o`zgartirish mumkin emasdi. Kompyuter yordamida to`ldirilganida esa, fuqaro yozuvlarning to`g`riligini monitorda tekshirib, ishonch hosil qilgandan keyingina qog`ozda chop etiladi.

2018 yildan boshlab fertil (ya`ni, bola tug`ishi mumkin bo`lgan) yoshdagi ayollarni hisobga olish va homiladorlikning erta bosqichidan chaqaloq tug`ilguniga qadar nazoratni olib borishning avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishlab chiqish hamda uni «FHDYo yagona elektron arxivi» axborot tizimi bilan integrasiya qilish rejalashtirilgan. Mazkur tizim tug`ilgan bolalarning qayd etilmasdan qolish holatlarining oldini olish, shuningdek bog`chalarda kelgusida yaratish zarur bo`lgan joylarni oldindan rejalashtirishga yordam beradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1